Rossiya harbiylari Ukrainada jiddiy muammoga duch keldi – Britaniya razvedkasi

Olam

image

Ukrainadagi urush uzoq davom etadigan bosqichga kirdi va ehtimol bu yil oxirigacha tugamaydi. Bu haqda Britaniya harbiy razvedkasi rahbari Jim Gokkengal BBC’ga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya harbiylari Ukrainada bir vaqtning o‘zida bir nechta jiddiy muammolarga duch kelishgan.

Ular orasida ruslarning past sifatli qo‘mondonligi, nazorati va moddiy-texnik ta’minoti sanalgan va bu omillar ko‘p jihatdan Ukrainadagi armiyaning muvaffaqiyatsizliklariga olib kelgani qo‘shimcha qilingan.

Razvedka rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Rossiya armiyasining harakatlariga strategik va taktik darajadagi siyosiy aralashuv salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Bundan tashqari, Gokkengalning ta’kidlashicha, Rossiya Federatsiyasi siyosatchilari va harbiylari o‘rtasida ishonch yo‘q.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaning qarshilik kuchi va G‘arbning birligi ham barcha taxminlardan o‘tib tushgan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.

Yevropa mamlakatlari allaqachon Rossiya neftini yetkazib berishni almashtirishni boshlagan. Misol uchun, may oyining oxirida Birlashgan Arab Amirliklari ikki yillik tanaffusdan so‘ng Yevropaga neft yetkazib berishni tikladi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

49

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing