Rossiya harbiylari Severodonetskni bosib oldi 

Olam

image

Kecha, 25 iyun kuni Rossiya harbiylari Ukraina sharqidagi Lugansk viloyatining Severodonetsk shahrini to‘liq bosib, nazorat o‘rnatdi. Ukraina qo‘shinlari esa shaharni tark etdi. Bu haqda shahar  harbiy ma’muriyati rahbari Aleksandr Stryuk ma’lum qilgan. 

Qayd etilishicha, Rossiya kuchlari ishg‘ol etilgan shaharning yangi ma’muriyatini tayinlamoqda. 

“Shahar allaqachon Rossiya Federatsiyasining to‘liq nazorati ostida, ular u yerda o‘z qoidalarini o‘rnatishga harakat qilmoqdalar. Bilishimcha, ular qandaydir aktivlarni yig‘uvchi komendantni tayinlashdi. Balki, ularning nuqtai nazaridan buni qilish kerakdir, lekin shahar shunchalik vayron bo‘lganki, odamlar vaziyatni o‘nglashi juda qiyin", deydi Stryuk.

Lugansk viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Gaydayning ma’lum qilishicha, rossiyaliklar Severodonetsk markazida va atrofdagi hududlarda –Sirotino, Voronovo va Borovskoyeda mustahkam o‘rnashmoqda. 

Bir necha hafta davom etgan aviazarbalar va artilleriya zarbalari oqibatida Severodonetskdagi binolarning katta qismi vayron bo‘lgan. Urush davom etayotgan vaqtda yuz ming kishilik shahar aholisining katta qismi bu yerni tark etgan.

Rossiya tomoniga ko‘ra, “Azot” zavodi ostidagi bunkerlarda yashiringan qolgan tinch aholi evakuatsiya qilingan.

Aytish joizki, Severodonetskning yo‘qotilishi Rossiya deyarli Lugansk viloyati va Donetsk viloyatining katta qismini nazorat qilishini anglatadi.

Joriy yilning 24 iyun kuni rossiyalik harbiylar Severodonetskka qo‘shni bo‘lgan Lisichansk shahri janubdan qamal qilinganini ma’lum qilgandi. Keyinchalik Gorskoye munitsipaliteti rahbari Aleksey Babchenko Lisichansk janubidagi hududlar Rossiya tomonidan “to‘liq ishg‘ol qilingani”ni aytdi.

“Afsuski, Gorskoye tumani ishg‘ol qilindi. Shahar chetlarida mahalliy janglar bo‘lmoqda, ammo dushman shaharga kirgan”, degandi Aleksey Babchenko.

Vashingtondagi Urushlarni tadqiq qilish instituti ekspertlari fikricha, rossiyalik harbiylar Severodonetskni egallashi urushdagi hal qiluvchi palla bo‘lmaydi, ammo shaharni himoya qilish katta ahamiyatga ega edi: Ukraina Qurolli Kuchlari janglarda asosiy vazifani bajarishdi – dushmanning resurslari sarflandi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

28

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing