Rossiya harbiylari AQSH Ukrainaga bergan HIMARS'ning raketalarini yo‘q qildi
Olam
−
27 iyul 2022
19064Rossiya Aerokosmik kuchlari Dnepropetrovsk viloyatidagi o‘q-dorilar omboriga hujum qildi. Oqibatda HIMARS yalpi reaktiv hujum tizimlarining yuzdan ortiq raketasi yo‘q qilindi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi xabar berdi.
“Yangilangan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 24 iyul kuni Rossiya Aerokosmik kuchlari Dnepropetrovsk viloyatining Lyubimovka aholi punkti yaqinidagi o‘q-dorilar omboriga zarba berib, AQSHda ishlab chiqarilgan HIMARS yalpi reaktiv hujum tizimlarining yuzdan ortiq raketasini yo‘q qildi”, deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, Nikolayevdagi 200 ga yaqin ukrainalik harbiy xizmatchilar va 20 dan ortiq texnika Aerokosmik kuchlarning yuqori aniqlikdagi qurollari bilan yo‘q qilingan.
Artemivsk yaqinida ittifoqchi kuchlar Ukraina Qurolli kuchlarining 10-tog‘li hujum brigadasi kompaniyalaridan birini to‘liq yo‘q qilib, qo‘mondonlik punktiga bergan yuqori aniqlikdagi zarbasidan so‘ng, Ukraina qo‘shinlarining 53-mexanizatsiyalashgan brigadasi jangovar qobiliyatini deyarli yo‘qotgan.
Shuningdek, rus qo‘shinlari Xarkovdagi "Ukraina energetika mashinalari" zavodida xorijiy yollanma askarlarni joylashtirish nuqtasiga va Artemivsk viloyatidagi "Qora yuz" guruhi jangarilariga hujum qilishgan. Sakkizta o‘q-dorilar ombori yo‘q qilingan.
Aviatsiya kuchlari to‘rtta qo‘mondonlik va kuzatuv postini yo‘q qilgan. Havo hujumidan mudofaa kuchlari bir kunda "Olxa" va HIMARS yalpi reaktiv hujum tizimlarining o‘nta snaryadlarini tutib olgan, Mi-8 vertolyotini va to‘qqizta Ukraina dronlarini urib tushirgan.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi