Rossiya harbiy kuchlari chegara orqali hujumni boshladi – Ukraina
Olam
−
24 fevral 2022
20394Rossiya harbiylari bugun, 24 fevral kuni soat 5:00 larda Ukrainaning Rossiya Federatsiyasi va Belarus bilan chegarasiga hujum qilgan. Bu haqda Ukraina davlat chegara xizmati xabar qildi.
Bu Lugansk, Sumi, Xarkov, Chernigov va Jitomir viloyatlarida sodir bo‘layotgani ko‘rsatilgan.
“Taxminan soat 05:00 da Ukrainaning Rossiya Federatsiyasi va Belarus Respublikasi bilan hududdagi davlat chegarasi Belarus tomonidan qo‘llab-quvvatlangan rus qo‘shinlari tomonidan hujumga uchradi. Chegara bo‘linmalari, chegara otryadlari va nazorat-o‘tkazish punktlariga hujumlar artilleriya, og‘ir texnika va o‘q otish qurollaridan foydalangan holda amalga oshirilyapti.
Bu Lugansk, Sumi, Xarkov, Chernigov va Jitomir viloyatlarida sodir bo‘lyapti. Bundan tashqari, Qrim avtonom respublikadan ham hujum bo‘lyapti. Dushmanning sabotaj va razvedka guruhlari ham qayd etilgan. Chegara uchastkalaridagi vaziyatga qarab, chegarachilar Ukraina Qurolli kuchlari va Ukraina Milliy gvardiyasi bilan birgalikda dushmanga qarata o‘t ochmoqda. Jarohatlangan chegarachilarga kelsak, ma’lumotlar aniqlanmoqda”, deyiladi chegara xizmati xabarida.
Ukraina Mudofaa vaziri Aleksey Reznikov vaziyat nazorat ostida ekanini aytgan.
Avvalroq, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari maxsus harbiy operatsiya boshlaganini e’lon qilgandi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Ukraina IIV maslahatchisi esa Kiyev vaXarkovga raketa hujumi uyushtirilganini ma’lum qildi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
Eslatib o‘tamiz, 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH Prezidenti Jo Bayden ayrim shaxslarning mulkini bloklash va ayrim operatsiyalarni taqiqlovchi farmon qabul qildi. Hujjat DXR va LXRga sarmoya kiritishni, shuningdek, ushbu mintaqalardan har qanday tovarlar, xizmatlar yoki texnologiyalarni Qo‘shma Shtatlarga import qilishni taqiqlaydi.
Bundan tashqari, ushbu farmon o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan respublikalarda harakat qilishga qaror qilgan har qanday shaxsga nisbatan jazo choralarini qo‘llash imkonini beradi.
Qo‘shma Shtatlarda joylashgan yoki keyinchalik AQSHga kiradigan, DXR va LXR bilan bog‘liq shaxslarga tegishli bo‘lgan barcha mulk va mulkdagi ulushlar bloklanadi.
Shuningdek, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
LiveBarchasi