Rossiya har kuni frontda 500 askarini yo‘qotyapti – AQSH razvedkasi

Olam

image

Ukrainadagi frontda har kuni 500 nafar rus askari halok bo‘lyapti yoki jarohatlanyapti. Ukraina Qurolli Kuchlarini yangi qurollar bilan ta’minlash tufayli Rossiyaning umumiy hujum sur’ati sekinlashgan. Bu haqda “The New York Times” AQSH Mudofaa vazirining siyosat bo‘yicha o‘rinbosari Kolin Kal Bayden ma’muriyatidagi manbaga tayanib xabar berdi.

“O‘ylaymanki, ruslar olti oydan kamroq vaqt ichida 70 yoki 80 ming qurbon berdi deb, qo‘rqmay aytish mumkin”, degan u.

Rasmiyning so‘zlariga ko‘ra, bosqinchilar Ukraina sharqida ozgina muvaffaqiyatga erishdi, ammo bu yangi qurollar va Ukraina Qurolli kuchlarining harakatlari tufayli ularga juda qimmatga tushdi. Bunday yo‘qotishlar Rossiya yil oxirigacha Ukraina sharqini qo‘lga kirita olmasligini anglatadi.

Razvedka ma’lumotiga ko‘ra, Moskva urushga chechen harbiylari va Suriyadagi jangarilarni jalb qilgan. Shu yo‘l bilan Kreml Rossiya harbiylarining yo‘qotishlari va harbiy xizmatga o‘xshash umumiy safarbarlikni amalga oshirish majburiyatidan qutulib, Rossiyada ichki norozilikdan qochishga muvaffaq bo‘lgan.

Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazining xalqaro xavfsizlik dasturi direktori Set Jons Rossiya armiyasi jiddiy yo‘qotishga uchraganini ta’kidlagan.

“Bu ularning Ukrainada quruqlikda samarali kampaniya o‘tkazish qobiliyatiga ta’sir qiladi”, deya qo‘shimcha qilgan u.

Amerika va Yevropa rasmiylariga ko‘ra, Rossiya harbiylari katta yo‘qotishlarga duchor bo‘lmoqda, ular uchun zaxiradagilar va muddatli xizmatga chaqiriluvchilarni jangga jalb qilish qiyin. Rossiya Federatsiyasi allaqachon o‘z armiyasining deyarli 85 foizini urushga jalb qilgan va mamlakatning Uzoq Sharqidan qo‘shinlarni safarbar qilgan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

40

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing