RF Mudofaa vazirligi ilk bor Ukrainaga hujumda qancha qurbon berilganini ochiqladi

Olam

image

Kecha, 2 martk uni Rossiya Mudofaa vazirligi Ukrainaga qarshi urush boshlanganidan beri ilk marta yo‘qotishlarini ochiqladi. Idoraga ko‘ra, 24 fevraldan beri  498 kishi harbiy harakatlarda halok bo‘lgan, 1,5 mingdan ortiq odam jarohatlangan. Bu haqda Mudofaa vazirligi rasmiy vakili general-mayor Igor Konashenkov ma’lum qildi.

“Afsuski, maxsus harbiy operatsiyada qatnashayotgan safdoshlarimiz orasida talafotlar bor. 498 nafar rossiyalik harbiy xizmatni bajarish chog‘ida halok bo‘ldi. Halok bo‘lganlarning oilalariga har tomonlama yordam ko‘rsatilmoqda. 1597 nafar safdoshimiz jarohat oldi”, degan u.

Konashenkov ruslar orasida asir tushganlar bor-yo‘qligini aytmagan. Unga ko‘ra, harbiy xizmatga chaqiriluvchilar yoki kursantlar urushda qatnashmaydi.

RF Mudofaa vazirligi Ukrainaning yo‘qotishlari haqida ham ma’lumot bergan. Konashenkovga ko‘ra, Ukraina tomonining yo‘qotishlari ancha yuqori. 

“Ukraina kuch tuzilmalarining harbiy xizmatchilari orasida 2870 dan ortiq kishi halok bo‘ldi, 3700 ga yaqini yaralandi. Faqat tasdiqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, Ukraina huquq-tartibot idoralarining qo‘lga olingan harbiy xizmatchilari soni 572 kishini tashkil etadi”, degan Mudofaa vazirligi vakili.

Umuman olganda, operatsiya davomida Rossiya kuchlari Ukraina hududidagi 1533 ta ob’ektga zarba bergan, shu jumladan Ukraina Qurolli Kuchlarining 54 ta qo‘mondonlik punkti va aloqa markazlari, S-300, “Buk M-1” va Osa kabi havo mudofaasining 39 ta zenit-raketa tizimlari shuningdek, 52 radar stansiyalariga.

Mudofaa vazirligi vakilining so‘zlariga ko‘ra, janglar davomida yerda 47 ta samolyot va havoda 13 ta samolyot, 484 ta tank va boshqa zirhli jangovar mashinalar, 63 ta ko‘p sonli raketalar, 217 ta artilleriya va minomyotlar, 336 ta mashina va 47 ta dron yo‘q qilingan.

Ukraina tomoni Rossiyaning mamlakatdagi yo‘qotishlari borasida anchayin farqli ma’lumot bergan. Kiyev ma’lumotlariga ko‘ra, urush boshlanganidan beri Rossiya qo‘shinlaridan 5840 nafarini yo‘qotgan. 

Harbiy harakatlar boshlanganidan buyon Rossiya Qurolli kuchlarining 30 ta samolyot va 31 ta vertolyoti, shuningdek, 9 ta havo mudofaa tizimi, 40 ta raketa tizimi va yuzlab harbiy texnikasi urib tushirilgan. 

Ta’kidlanishicha, yo‘qotishlarni hisoblash jangovar harakatlarning yuqori intensivligi bilan murakkablashmoqda.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH va Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

78

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing