Rasmiy Toshkent Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi qurolli mojaroga munosabat bildirdi

Jamiyat

image

Rasmiy Toshkent bugun, 27 sentyabr kuni Ozarbayjon va Armaniston aloqa liniyasida boshlangan va tinch aholining qurbon bo‘lishiga sabab bo‘lgan qurolli to‘qnashuvlarga nisbatan munosabat bildirdi. 

O‘zbekiston tomoniga ko‘ra, Ozarbayjon Respublikasi va Armaniston Respublikasi o‘rtasidagi munosabatlarda keskinlikning oshishi O‘zbekiston Respublikasida jiddiy tashvish uyg‘otmoqda

“O‘zaro qarama-qarshilik chog‘ida harbiy kuchning ishlatilishi ikki tomondan ham ko‘plab insonlarning qurbon bo‘lishiga olib kelishi mumkin.  

O‘zbekiston Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligida raislik qilayotgan davlat sifatida MDH hududida do‘stlik,  yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari va o‘zaro ishonchni mustahkamlash,  bahsli masalalarni xalqaro huquq normalariga qat’iy mos ravishda tinch yo‘l bilan hal qilinishining muhimligini yana bir bor tasdiqlaydi. 

Ozarbayjon Respublikasi va Armaniston Respublikasini harbiy harakatlarni tezda to‘xtatishga hamda mojaroni suverenitet va hududiy yaxlitlik tamoyillariga rioya qilgan holda tinch yo‘l bilan bartaraf etish maqsadida diplomatik muzokaralarni boshlashga chaqiramiz”, deyiladi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining rus tilida e’lon qilgan bayonotida.

Bundan avval Rossiya ham ikki mamlakatdan qurolli to‘qnashuvlarni to‘xtatishni so‘ragan edi. Turkiya esa, aksincha, bu to‘qnashuvda Ozarbayjonni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilib, Armanistonni provakatsiyada, Minsk guruhini esa 30 yildan beri bu masalaga ko‘z yumib kelishda aybladi. Shuningdek, rasmiy Tehron va NATO ham tomonlarni muzokaralar stoliga chaqirgandi

Rasmiy Bakuga ko‘ra, Armaniston Qurolli Kuchlari bugun, 27 sentyabr kuni soat 06:00 dan boshlab Ozarbayjonga qarshi keng ko‘lamli provokatsiyalarni amalga oshirdi, butun front bo‘ylab Ozarbayjon armiyasining pozitsiyalarini, shuningdek, oldingi chiziq zonasida joylashgan aholi punktlarini o‘qqa tutdi. Unda harbiylar va tinch aholi vakillari halok bo‘lgan.

Armaniston hujum Ozarbayjon qurolli kuchlari tomonidan boshlanganini aytmoqda. Ozarbayjon esa qurolli to‘qnashuvga nisbatan javob hujumlari boshlaganini rasman e’lon qilib, Armaniston chegarasidagi tinch aholi vakillarini chegara hududlaridan chetga chiqishlarini so‘radi.

Holat bo‘yicha Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev xalqqa murojaat bilan chiqib, to‘qnashuv Ozarbayjonning provokatsiyasi emasligini aytdi.

Nikol Pashinyan esa mamlakatda harbiy holat va umumiy safarbarlik e’lon qildi. Buning ortidan Ilhom Aliyev mamlakatda harbiy holat va komendantlik soati e’lon qilish haqidagi farmonga imzo chekdi

Eslatib o‘tamiz, bugunning o‘zida Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Armaniston, Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirlari bilan telefon orqali muloqot qilib, zudlik bilan sulh tuzishni taklif qildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Qorabog' to'qnashuvi

Baholaganlar

453

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing