Rasmiy Toshkent Qoraqalpog‘istondagi voqealar fonida internet o‘chirilganini tan oldi

Jamiyat

image

Joriy yilning 1-2 iyul kuni Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan voqealar fonida Hukumat internetni cheklashga majbur bo‘lgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining xalqaro hamjamiyat uchun e’lon qilgan bayonotida aytiladi. 

“1-2 iyul kunlari Nukus shahrida O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tizimi,  hududiy yaxlitligi va birligiga putur yetkazishga urinish yuz berdi. Konstitutsiyaviy islohotlar bo‘yicha umumxalq muhokamasiga kiritilgan takliflarga qarshi norozilik bahonasida bir guruh tajovuzkor shaxslar tomonidan davlat hokimiyati organlari binolarini zo‘ravonlik, otishma va kuch ishlatish orqali egallab olishga harakatlar tashkil etildi.  

Ushbu noqonuniy xatti-harakatlar tinch, yagona, demokratik mamlakatda ayirmachilik, beqarorlik va bo‘linishni qo‘zg‘atishga qaratilgan oldindan rejalashtirilgan sabotajdan yaqqol dalolat berdi.  

Dushman kayfiyatdagi kuchlar populistik shiorlarni niqob qilib olgan holda,  uyali aloqa va Internet orqali soxta yangiliklarni tarqatib, fuqarolarni aksilkonstitutsiyaviy faoliyatga ommaviy ravishda jalb qilishga urindilar. Bu Internet aloqasini vaqtincha cheklash choralarini ko‘rishga majbur qildi”, deyiladi bayonotda.   

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1-2 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida ayrim fuqarolar O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilib, kutilmaganda namoyishlar uyushtirdi. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi holatni Nukusda davlat boshqaruvi organlarini egallashga urinish deb baholadi.

Shundan so‘ng, 2 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga yetib bordi va qoraqalpoq xalqi bilan muloqot qildi. 

Shuningdek, Prezident Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish muhokamasi hali davom etayotganini inobatga olib hamda Qoraqalpog‘iston aholisi bildirayotgan fikr va mulohazalarni o‘rgangan holda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 70, 71, 72, 74, 75-moddalarini amaldagi tahrirda o‘zgarishsiz qoldirish zarurligini ma’lum qildi.

4 iyul kuni O‘zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Konstitutsiyadagi Qoraqalpog‘istonga oid moddalar o‘zgartirilmasligi haqida qaror qabul qildi.

Sodir bo‘lgan voqealarda 516 kishi qo‘lga olindi, 243 kishi jarohatlandi, 18 kishi qurbon bo‘ldi. Holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) 4-qismi – “Hokimiyatni bosib olish yoki O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumini ag‘darib tashlash maqsadida fitna uyushtirish” bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi


Maqola muallifi

Teglar

Qoraqalpog'iston

Baholaganlar

298

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing