Rasman: Visa va Mastercard Rossiyadagi faoliyatini to‘xtatdi
Olam
−
06 mart 2022
6566Visa va Mastercard xalqaro to‘lov tizimlari Rossiyadagi faoliyatini to‘xtatganini e’lon qildi.
Ta’kidlanishicha, Rossiyada chiqarilgan Visa va Mastercard kartalari chet elda hamda Apple Pay va Google Pay hamyonlarida, xorijiy moliya institutlari tomonidan chiqarilgan kartalar esa Rossiyada ishlamaydi.
“Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi va biz guvohi bo‘lgan qabul qilib bo‘lmas voqealar tufayli bu qadamni qo‘yishga majburmiz”, deyiladi Visa bayonotida.
“Ushbu qadamni qo‘yish orqali biz barchamiz uchun yanada ijobiy, samarali va tinch kelajak umidida ko‘pchilikka qo‘shilamiz”, deyilgan Mastercard bayonotida.
Rossiya Markaziy bankining tushuntirishicha, Rossiya banklari tomonidan chiqarilgan barcha Visa va Mastercard kartalari Rossiyada odatdagidek ishlashda davom etadi, chunki ular bo‘yicha operatsiyalar Milliy to‘lov kartalari tizimida amalga oshiriladi.
Biroq, Visa va Mastercard bilan transchegaraviy operatsiyalar amalga oshirilmaydi.
“Xorijga chiqayotganda naqd pul va “Mir” kartasini u qabul qilinadigan mamlakatlar uchun olish tavsiya etiladi. Bugungi kunda bular Turkiya, Vetnam, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Janubiy Osetiya va Abxaziyadir”, deyiladi Markaziy bank xabarida.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi