Rasman: QALAMPIR.UZ jurnalistiga tuhmat yuzasidan jinoiy ish ochildi
Jamiyat
−
09 avgust 2021
11701QALAMPIR.UZ internet nashri Bosh muharriri o‘rinbosari Feruza Najmiddinovaning sha’nini toptash, uni obro‘sizlantirish maqsadida qilingan tuhmat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi orqali xabar berdi.
“Kuni kecha QALAMPIR.UZ internet portalining jurnalisti F.Najmitdinovani sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazuvchi montaj qilingan va yolg‘ondan iborat videolavha tarqatilganligi hamda mazkur holat ichki ishlar organlari tomonidan o‘rganilayotganligi haqida ma’lumot bergan edik
Surishtiruv jarayonida ma’lum bo‘lishicha, Toshkent shahrining Olmazor tumanida joylashgan ko‘p qavatli uylarning birida, balkonda tasvirlangan odamlar ikki farzandli, rasmiy nikohdagi oila, er-xotin, chet el fuqarolari bo‘lib, Toshkent shahrida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib, mazkur xonadondan rasmiy ijarada foydalanishgan. Ular tomonidan hech qanday qonun buzilish holatlari aniqlanmagan. Ushbu oilaning shaxsiy hayoti tasvirlangan videolavhani ijtimoiy tarmoqlarda tarqalishiga sababchi bo‘lgan fuqaroning harakatlari huquqiy baholanadi”, deydi G‘iyosov.
Qayd etilishicha, videolavhani yasab, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish orqali jurnalistni obro‘sini to‘kishga harakat qilgan fuqarolarni aniqlash bo‘yicha tezkor tadbirlar davom etmoqda. Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismi, “g” bandi hamda 1412-moddasi 2-qismi, “v” bandi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ish yakuni bo‘yicha jamoatchilikka to‘liq axborot berilishini ma’lum qilinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 7 avgust kuni ijtimoiy tarmoqrlarda QALAMPIR.UZ Bosh muharriri o‘rinbosari Feruza Najmiddinova haqida bo‘hton va tuhmatdan iborat video tarqatildi. Ushbu video avval Najmiddinovaning suratlari joylashtirilib, so‘ng Olmazor city hududidagi uylarning biri bolkonida sodir bo‘lgan erkak va ayol o‘rtasidagi ishqiy munosabat tasvirlari bilan montaj qilingan. Unda ushbu video qahramoni bo‘lgan ayol go‘yo QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinova ekani aytiladi.
Najmiddinovaning sha’nini toptash, obro‘sizlantirish maqsadida tayyorlangan ushbu video tez orada ijtimoiy tarmoqlardan o‘chirib yuborilishiga erishildi. Kecha holat bo‘yicha aybdorlarni topish va jazolash yuzasidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga murojaat qilindi. IIV, "Yuksalish" umummilliy harakati, Senat, AOKA va Jurnalistlar ijodiy uyushmasi, mazkur ishni o‘z nazoratiga oldi. Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi Komil Allamjonov, fond raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva, Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva, O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi raisi o‘rinbosari – Prezident Matbuot kotibi Sherzod Asadov holat yuzasidan bayonot bilan chiqdi. Ijtimoiy tarmoqlarda jurnalist Feruza Najmiddinovani qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan #men_Feruzaman fleshmobi boshlandi.
8 avgust kuni QALAMPIR.UZ huquq-tartibot organlarining aralashuvisiz Olmazor city'da ro‘y bergan nomaqbul holatni kim videoga olganini aniqlab, u bilan muloqot qildi.
LiveBarchasi