Rasman: Bishkek qisman tinchidi

Olam

image

Joriy yilning 5 oktyabridan buyon siyosiy inqiroz sabab tartibsizliklar davom etayotgan Qirg‘izistonning Bishkek shahrida bir hatfa deganda vaziyat barqarorlashdi. Bu haqda bugun, 11 oktyabr kuni Bishkek komendaturasida xabar berdi. 

"Hozirda shaharda vaziyat barqaror, uni huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari va Qurolli Kuchlar harbiy xizmatchilari nazorat qilmoqda", deydi komendatura vakili. Uning so‘zlariga ko‘ra, jamoat tartibini saqlashga bir necha ming xalq nazorati vakillari ham yordam berishmoqda. "Komendantlik soatining birinchi kunida poytaxtda biron bir jiddiy qonunbuzarliklar qayd etilmagan", deydi manba. 

Mamlakatning amaldagi Prezidenti Sooronbay Jeenbekovning farmoni bilan 9 oktyabrdan boshlab Bishkekda favqulodda holat e’lon qilindi. U 21 oktyabrga qadar davom etadi. 

Prezident imzolagan hujjatga ko‘ra, shaharga qo‘shinlar va harbiy texnika olib kirildi, to‘siqlar o‘rnatildi, fuqarolarning kirishi va chiqishi cheklandi, soat 18:00 dan keyin spirtli ichimliklarni sotish, shuningdek har qanday ommaviy tadbirlar, shu jumladan mitinglar o‘tkazish taqiqlandi. Shuningdek, ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga ham cheklovlar o‘rnatildi. Komendatura siyosiy partiyalar faoliyatini to‘xtatish huquqini oldi. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 oktyabr kuni Qirg‘izistonda navbatdagi parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Saylovning dastlabki natijasidan norozi partiyalar tarafdorlari Bishkekda norozilik namoyishini boshladi. Keyinroq namoyish tartibsizlikka aylanib ketdi. 

Namoyishchilar avvalo mamlakat parlamenti binosi – Oq uyni egalladi. Bu binoda Prezident Administratsiyasi ham joylashgan. 6 oktyabr ertalab Hukumat binosi ham namoyishchilar qo‘liga o‘tgani ma’lum bo‘ldi.

Bundan tashqari, aksiya ishtirokchilari Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi binosiga bostirib kirib, u yerda saqlanayotgan sobiq Prezident Almazbek Atamboyevni ozod qildi. Shuningdek, siyosiy mahbuslardan sobiq Bosh vazir Sapar Isakov ham qamoqdan chiqarildi. Ozod qilinganlar orasida Bishkek shahrining sobiq meri Albek Ibraimov ham bor.

Prezident Sooronbay Jeenbekov yuz berayotgan tartibsizliklar bo‘yicha bayonot berib, ba’zi siyosiy kuchlar davlat hokimiyatini noqonuniy ravishda egallab olishga uringanini aytib o‘tdi.

Namoyishlar avj olgan pallada Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini tan olmaslik haqida qaror qabul qildi.

Hozirgacha Jo‘qorg‘u Kenesh spikeri Dastan Jumabekov va mamlakat Bosh vaziri Kubatbek Boronov iste’foga chiqdi. 

O‘zbekiston qo‘shni Qirg‘izistonda yuz berayotgan voqealarga munosabat bildirib, jiddiy tashvishda ekanini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Bishkek Qirg'izistondagi vaziyat

Baholaganlar

178

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing