Putin Yevropani Ukrainaga bosim o‘tkazishga chaqirdi
Olam
−
07 mart 2022 27067 3 daqiqa
Yevropa Ittifoqini Ukraina hukumatiga ta’sir o‘tkazishi va ularni insonparvarlik qonunchiligini hurmat qilishga majburlashi kerak. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel bilan telefon orqali muloqotida gapirgan.
Putin Donbass respublikalarini himoya qilish bo‘yicha maxsus harbiy operatsiya o‘tkazilishi munosabati bilan Rossiyaning pozitsiyasini bayon qilgan. Hozirgi vaziyatning gumanitar jihatlari atroflicha muhokama qilingan.
“Qayd etilishicha, Rossiya qurolli kuchlari aholini gumanitar koridorlar bo‘ylab evakuatsiya qilish uchun bir necha bor “sukut rejimi”ni e’lon qilgan. Shu bilan birga, Ukraina milliy batalonlari bunga to‘sqinlik qilmoqda, tinch aholiga qarshi zo‘ravonlik va har xil provokatsiyalarni qo‘llanmoqda”, deyiladi Kreml xabarida.
Rossiya Prezidenti Yevropa Ittifoqini odamlarning hayotini saqlab qolishga haqiqiy hissa qo‘shishga, Ukraina hukumatiga bosim o‘tkazishga va ularni insonparvarlik qonunlarini hurmat qilishga majbur qilishga chaqirgan.
Bundan tashqari, Putin Rossiya harbiylari tinch aholi hayotini saqlab qolish uchun barcha choralarni ko‘rayotganini ta’kidlagan.
“Asosiy tahdid tinch aholi ortiga yashiringan terrorchilarning taktikasini qo‘llaydigan millatchi tuzilmalardan kelib chiqadi”, deyiladi Kreml xabarida.
Suhbatda Rossiya Prezidenti Kiyev vakillari bilan muzokaralar jarayoniga ham baho berib, Moskvaning talablarini tasdiqlagan.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
Live
Barchasi