Odam boshini boshqa tanaga ko‘chirishni va’da qilgan olim Rossiyada ko‘rinish berdi
Olam
−
17:29 938 3 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning umrini uzaytirish bo‘yicha byudjetdan milliardlab mablag‘ bilan moliyalashtirilayotgan va Prezidentning qizi Mariya Voronsova tomonidan nazorat qilinayotgan loyiha yangi, kutilmagan ishtirokchiga ega bo‘lishi mumkin. Bu haqda “South China Morning Post” xabar berdi.
Qayd etilishicha, inson boshini yangi tanaga ko‘chirib o‘tkazish texnologiyasini ishlab chiqqanini aytib kelayotgan, mojaroli shuhrat qozongan xitoylik neyroxirurg Jen Syaopin joriy yilning oktyabr oyida Moskvada paydo bo‘lgan. U poytaxtdagi Sklifosovskiy nomidagi institutda bemorlardan birining shikastlangan orqa miyasida 12 soatlik operatsiya o‘tkazgan.
“New Scientist” jurnalida chop etilgan maqolada Jen Syaopinning o‘zi Moskvadagi jamoasi jarohat tufayli uzilgan orqa miya qismini olib tashlaganini va uni miya o‘limi tashxisi qo‘yilgan bemordan olingan nerv to‘qimasi parchasi bilan almashtirganini yozadi. Guansi an’anaviy xitoy tibbiyoti universitetida faoliyat yuritayotgan neyroxirurg ushbu operatsiyani orqa miyani ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha “dunyodagi birinchi” operatsiya deb atagan.
SCMP’ga bergan izohida Jen Syaopin Sklifda operatsiya o‘tkazganini tasdiqlagan. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, u Moskvada qo‘llarni allogen transplantatsiya qilish, ya’ni oyoq-qo‘li kesilgan bemorga vafot etgan donordan a’zo qismini ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha oltita operatsiya ham o‘tkazgan.
AQSHda ta’lim olgan Jen Syaopin 2010 yillarning o‘rtalarida italiyalik neyroxirurg Serjio Kanavero bilan birgalikda insoniyat tarixida ilk bor inson boshini ko‘chirib o‘tkazish operatsiyasini o‘tkazish rejasini e’lon qilganida mashhur bo‘lgan. Xitoylik olim maymunlarning boshini yangi tanaga ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha bir qator tajribalar o‘tkazganini, uning italiyalik hamkasbi esa ikkita murdadan foydalangan holda insonda shunday operatsiyalarni o‘tkazishning jarrohlik modelini ishlab chiqqanini da’vo qilgan.
Oqibatda operatsiya tibbiyot hamjamiyati tomonidan keskin tanqid qilingani, axloqiy xavotirlar va jamoatchilikning noroziligi sababli amalga oshmay qoldi. 2026 yil oktyabr oyida Rossiya jarrohlarining 17-s’ezdida Jen Syaopin Bosh vazir o‘rinbosari Tatyana Golikova qo‘lidan “Yil missiyasi” mukofotini olgan.
“The Moscow Times” nashrining yozishicha, Jen Syaopin Rossiya rasmiylari a’zolarni almashtirish evaziga 150 yoshgacha yashash imkoniyati haqida mulohaza yuritayotgan Putinning umrini uzaytirish bo‘yicha harakatlarni jadallashtirayotgan bir paytda Moskvada tez-tez paydo bo‘lmoqda.
“The Wall Street Journal” ma’lumotlariga ko‘ra, Prezident uzoq umr ko‘rishi bo‘yicha davlat loyihasini Voronsovadan tashqari Putinning eski qadrdoni, Kurchatov instituti rahbari Mixail Kovalchuk ham nazorat qiladi. Olimlar, xususan, gen terapiyasi yordamida hujayralar qarishini sekinlashtirish ustida ishlamoqda, shuningdek, genetik o‘zgartirilgan mini-cho‘chqalar ichida insonga ko‘chirib o‘tkazish uchun ehtiyot a’zolarni yetishtirishga harakat qilmoqda. Birinchi shunday cho‘chqa 2030 yilga borib paydo bo‘lishi kerak.
WSJ ma’lumotlariga ko‘ra, 2027-2029 yillar byudjetida Putinning umrini uzaytirishga bo‘lgan urinishlar bilan bog‘liq “Sog‘liqni saqlashning yangi texnologiyalari” milliy loyihasini amalga oshirish uchun hukumat 17,954 milliard rubl ajratgan. Unga xarajatlar keyingi yilda 12 foizga – 5,171 milliarddan 5,737 milliard rublgacha ortadi. 2028 yilda yana shunchaga – 6,495 milliard rublgacha ko‘payadi. 2029 yilga borib ajratmalarni 5,782 milliard rublgacha qisqartirish rejalashtirilgan. Shunda ham ular 2026 yilgi darajadan 12 foizga yuqori bo‘lib qoladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Skolkovo” Moskva boshqaruv maktabida uzoq umr ko‘rish davomiyligini oshirishning davlat siyosati, iqtisodiyot va mehnat bozoriga ta’sirini o‘rganish bo‘yicha laboratoriya ishga tushirilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi