Tadqiqotlar ruslar va ukrainlar bir xalq ekanini ko‘rsatyapti – Putin

Olam

−

image

Oxirgi genetik tadqiqotlar ruslar va ukrainlar bir xalq ekanini ko‘rsatyapti. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin VGTRK muxbiri Pavel Zarubinga bergan intervyusida gapirdi.

Putin Zarubinga bergan intervyusida AQSH Prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff bilan o‘tkazilgan muzokaralarga ilk bor izoh bergan va Rossiyaning pozitsiyasini bildirgan.

Putinning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya AQSH vakillari bilan uch tomonlama muloqotlarni qayta tiklashga tayyorligi bo‘yicha kelishib olgan. 

“Ushbu muzokaralarning maqsadi harbiy harakatlarni vaqtincha to‘xtatish emas, balki tinchlik kelishuvlarining yakuniy variantiga erishilgandan so‘ng Ukraina va Rossiya xavfsizligini ta’minlash masalasini muhokama qilishdan iborat bo‘ladi”, deydi u.

Zarubin, shuningdek, Putindan “Fox News”ga bergan intervyusida front chizig‘i bo‘ylab vaziyatni muzlatib qo‘yishga hamda Ukraina hududining 75 foizini saqlab qolishga tayyorligini aytgan Zelenskiyning bayonoti haqida so‘ragan. Putin bu “ularning hududi emas, balki tarixiy Rossiyaning hududi”, deb javob bergan.

Bundan tashqari, Putin Rossiya emas, aynan Ukraina urushni xohlayotganini aytgan.

“Biz Ukraina bilan urushishni xohlamaymiz. Agar bugungi Ukraina rahbariyati urushishni istasa, mayli urushsin, lekin nega ular hamma buning uchun tovon to‘lashi va ularga qurol yetkazib berishi kerak deb hisoblaydi? Biz hozir ham kelishishga va ushbu og‘ir vaziyatdan chiqish yo‘llarini izlashga tayyormiz. Bu bizga juda yaqin bo‘lgan xalq. Oxirgi genetik tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, ruslar va ukrainlar bir xalqdir”, deydi Putin.

Biroq u qaysi “oxirgi genetik tadqiqotlar”ni nazarda tutayotgani noma’lum.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vladimir Putin AQSH vositachiligida Ukraina bilan uch tomonlama tinchlik muzokaralarini kelasi oy qayta boshlashga rozi bo‘lgani haqida xabar berilgan edi. Muzokaralar joriy yilning 10 noyabrida yoki undan keyin Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahrida o‘tkazilishi mumkin.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing