Putin va Zelenskiy yuzma yuz uchrashishi mumkin

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin joriy yilning 15-20 noyabr kunlari Indoneziyaning Bali orolida bo‘lib o‘tadigan G20 sammitida ishtirok etadi. Bu haqda bugun, 27 iyun kuni jurnalistlarga Rossiya Prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov ma’lum qildi.

“Ha, bizning ishtirokimiz ko‘zda tutilganligini tasdiqladik”, deydi u.

Shu bilan birga, Ushakov Putin sammitda “shaxsan yoki videoaloqa orqali ishtirok etadimi?”, degan savolga aniq javob berishga qiynaldi. 

"Bilmayman, ular hali ham shaxsan taklif qilishmoqda, lekin hali ko‘p vaqt bor, pandemiya ushbu muhim forumni shaxsan o‘tkazishga imkon beradi deb umid qilaman, ammo taxmin qilishdan qo‘rqaman”, deydi u.

Prezident yordamchisining qayd etishicha, bu masala Indoneziya Prezidenti Joko Vidodoning 30 iyun kuni Moskvaga tashrifi chog‘ida ham muhokama qilinadi. 

“Biz taklif uchun minnatdorlik bildirdik, ishtirok etishga qiziqishimizni aytdik. Hali ko‘p vaqt bor, ko‘ramiz”, deya xulosa qildi Ushakov.

Ma’lumot uchun, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Indoneziya tashqi siyosat hamjamiyati tahliliy markazidagi chiqishi chog‘ida Indoneziyaning Bali orolida bo‘lib o‘tadigan G20 sammitida ishtirok etishini ma’lum qilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bir necha bor Putinni muzokara qilishga chorladi, ammo Kreml hamon bu borada sukut saqlayapti.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

G20 Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

21

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing