Putin urushda qo‘lga kiritilgan qurollarni DXR va LXRga topshirishni ma’qulladi
Olam
−
11 mart 2022 8659 4 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoyguning rossiyalik harbiylar qo‘lida qolgan G‘arbda ishlab chiqarilgan qurollarni (tan olinmagan) Donetsk va Lugansk xalq respublikalari harbiylariga topshirish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.
“Rossiya armiyasi qo‘liga o‘tgan, ayniqsa, G‘arbda ishlab chiqarilgan qurol-yarog‘ ta’minotiga kelsak, albatta, men ularni Lugansk va Donetsk xalq respublikalari harbiy qismlariga topshirish imkoniyatini qo‘llab-quvvatlayman”, deydi Vladir Putin.
U bu haqda bugun, 11 mart kuni bo‘lib o‘tgan Rossiya Xavfsizlik kengashining doimiy a’zolari bilan uchrashuvda gapirgan.
“Iltimos, shunday qiling”, dedi Putin Shoyguga murojaat qilib, agar bu masala bo‘yicha Prezidentlar darajasida biron-bir qaror talab qilinsa, ularni qabul qilishga tayyorligini qo‘shimcha qilgan.
Yig‘ilishda Mudofaa vazirligi rahbari qo‘lga olingan qurollarni Donbass qurolli kuchlariga topshirish tashabbusi bilan chiqdi.
“Ukrainaga har tomondan mutlaqo nazoratsiz qurollar, turli xil qurollar yetkazib berilayotgani fonida – mening fikrimcha, u yerda hech kim kim, qayerda, qancha tarqatilganini hisobga olmaydi – bu haqda bugun bir necha bor aytilgan, taklifimiz bor: LXR va DXR militsiyasining yuqori jangovar qobiliyatini ta’minlash, ularga havo mudofaasi uskunalarini, xususan, Portativ zenit-raketa tizimi va tankga qarshi raketa tizimlarini topshirish kerak”, deydi Shoygu.
Bundan tashqari, Shoyguning ma’lum qilishicha, Rossiya qurolli kuchlari Ukrainaning ko‘plab qurollarini to‘plagan.
"Bular tanklar, zirhli texnikalar va o‘q otish qurollarining barcha turlari, juda ko‘p artilleriya. Bundan tashqari, ko‘plab Javelin va Stinger tizimlari mavjud", deydi u.
Mudofaa vazirligi rahbari yuqorida aytilganlarning barchasini o‘z hududlarini "samaraliroq himoya qila olishlari" uchun DXR va LXR militsiyalariga o‘tkazishni taklif qildi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
Live
Barchasi