Putin Ukrainani o‘z askarlari qoniga botirmoqchi – Zelenskiy

Olam

image

Rossiyadagi qisman safarbarlik Ukrainaga qarshi urush uchun ofitserlar va boshqa xodimlarni yollash bilan bog‘liq muammolar borligini ko‘rsatadi. Bu haqda mamlakat Prezidenti Vladimir Zelenskiy “Bild” nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

“Biz allaqachon bilamizki, ular kursantlarni, jang qilishni bilmaydigan yigitlarni safarbar qilishgan. Bu kursantlar vafot etdi. Ular hatto o‘qishni ham tugata olmadilar. Bu odamlarning hammasi kurasha olmaydi. Ular bu yerga o‘lish uchun kelishadi”, deb tushuntirgan Zelenskiy.

Uning fikricha, “Putin Ukrainani qonga, xususan, o‘z askarlari qoniga botirmoqchi”.

Zelenskiy Kremlning “referendum” o‘tkazish niyati fonida Rossiya tomonidan bosib olingan Ukraina hududlarini deokkupatsiya qilishni bekor qilmoqchi emas.

“Biz rejalarimiz asosida bosqichma-bosqich harakat qilamiz. Ishonchim komilki, biz o‘z hududimizni ozod qilamiz. “Referendumlar” – 90 foizli soxta referendumlar, davlat ularni tan olmaydi”, deb tushuntirdi Zelenskiy.

Prezident yadro urushi tahdididan vahimaga tushmayapti. Ammo Rossiya bunday ishga qo‘l urishi mumkinligini ham inkor qilmayapti.

“U bu quroldan foydalanishiga ishonmayman. Menimcha, dunyo undan foydalanishiga ruxsat bermaydi. Ammo xavf-xatarlar bor”, deydi Ukraina Prezidenti.

U Putinning yadroviy tahdidiga aldanmaslik kerakligini qayd etgan.

“Ertaga Putin aytishi mumkin: Ukrainadan tashqari, biz Polshaning yana bir qismini xohlaymiz, aks holda biz yadro qurolidan foydalanamiz. Biz bu murosaga kela olmaymiz”, deydi Zelenskiy.

Eslatib o‘tamiz, 21 sentyabr kuni Vladimir Putin Rossiyada qisman safarbarlik to‘g‘risidagi farmonni imzoladi, unga ko‘ra 300 ming Rossiya fuqarosi jangovar hududga boradi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

57

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing