Putin Ukrainadagi urushga kimlarni yuborganini aytdi
Olam
−
08 mart 2022 28967 3 daqiqa
Ukrainadagi urushda Rossiya armiyasi safida muddatli harbiy xizmatchilar qatnashmayapti va qatnashmaydi, shuningdek, zaxiradagi harbiy xizmatchilar urush uchun qo‘shimcha safarbar qilinmaydi. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ma’lum qildi.
Prezident Putin 8 mart kuni munosabati bilan yo‘llagan tabrigida hozirda urushda qatnashayotgan harbiy xizmatchilarning yaqinlariga murojaat qilgan.
“Hozir janglarda, urushda Rossiyani himoya qilayotgan askar va ofitserlarimizning onalari, rafiqalari, opa-singillari, kelinlari va dugonalariga murojaat qilmoqchiman. Men sizning sevganlaringiz va yaqinlaringiz haqida qayg‘urayotganingizni tushunaman. Siz ular bilan faxrlansangiz arziydi, negaki butun mamlakat ular uchun siz bilan qayg‘uryapti va faxrlanyapti. Shuni alohida ta’kidlashim kerakki, harbiy xizmatni o‘tayotgan askarlar harbiy harakatlarda qatnashmayapti va qatnashmaydi. Va rezervdagilarni qo‘shimcha chaqirish bo‘lmaydi”, degan Putin.
RF Prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Ukrainada faqat professional jangchilar kurashyapti.
“Ular Rossiya xalqi uchun xavfsizlik va tinchlikni ishonchli ta’minlashiga shubham yo‘q”, degan RF rahbari.
Shuningdek, u Qurolli Kuchlarga xizmat qilayotgan ayollarga alohida minnatdorlik bildirgan.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
Live
Barchasi