Putin Ukraina ustidan g‘alaba qilmaydi – Bayden

Olam

image

AQSH Prezidenti Jo Bayden ukrainaliklarning Rossiya Federatsiyasining bosqinchi kuchlariga qat’iy qarshilik ko‘rsatayotganini ta’kidlab, urushning hozirgi bosqichida Ukraina Putin (Rossiya Prezidenti Vladimir Putin) uchun “g‘alaba”ga aylanmasligi aniq, degan fikrni bildirdi. Bu haqda u kecha, 8 mart kuni qilgan murojaatida aytib o‘tdi.

“Oxirgi ikki hafta davomida ukrainaliklar o‘zlarining jasorati, erkin yashashga bo‘lgan qat’iyatlari bilan dunyoni ilhomlantirmoqda... Ukrainaliklar Putinning o‘zi xohlaganini olishiga yo‘l qo‘ymasliklarini namoyish qilmoqda”, degan Jo Bayden.

U Putin urushi katta azob-uqubatlarga sabab bo‘lganini ta’kidlab, so‘nggi ikki hafta ichida sodir bo‘lgan qator voqealar va tinch aholiga ta’sir ko‘rsatgan hujumlarni eslagan.

AQSH Prezidentining ta’kidlashicha, bir qator dunyo yetakchilari o‘t ochishni to‘xtatish, diplomatik yo‘llarga qaytish, gumanitar vaziyatni yaxshilashga chaqirmoqda, ammo Putin, shubhasiz, bu qanchaga tushishidan qat’i nazar, ataylab o‘z yo‘lidan ketyapti.

“Rossiya dahshatli yo‘qotish evaziga oldinga siljishda davom etishi mumkin, ammo bir narsa allaqachon aniq: Ukraina hech qachon Putin uchun “g‘alaba” bo‘lmaydi. Putin shaharni egallashi mumkin, lekin u hech qachon mamlakatni nazorat qila olmaydi. Va agar biz Putinning dunyo tinchligi va barqarorligiga tajovuz qilishiga javob bermasak, kelajakda erkinlik va Amerika xalqi uchun qimmatroq bo‘ladi”, degan Bayden.

Bayden AQSH ukrainaliklarni kurashda qo‘llab-quvvatlashda davom etishini qo‘shimcha qildi va Kongressni Ukrainaga 12 milliard dollarlik yordam paketini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

68

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing