Putin Ukraina Qrim ko‘prigi uchun jazolanganini aytdi
Olam
−
10 Oktabr 2022 12137 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin rasmiy Kiyevni agar Ukraina hukumati Rossiya Federatsiyasi hududida teraktlar uyushtirishda davom etsa, javoblar qattiq bo‘lishidan ogohlantirdi.
“Agar bizning hududimizda teraktlar uyushtirishga urinishlar davom etsa, Rossiyaning javobi keskin bo‘ladi va ko‘lami bo‘yicha RFda yuzaga keltirilayotgan tahdidlar darajasiga to‘g‘ri keladi. Bunga hech kimda hech qanday shubha bo‘lmasligi kerak”, deydi Putin bugun, 10 oktyabr kuni Rossiya Xavfsizlik Kengashi a’zolari bilan bo‘lib o‘tgan tezkor yig‘ilishda.
Uning ta’kidlashicha, Kiyev rejimi o‘z harakatlari bilan haqiqatda o‘zini xalqaro terrorchi guruhlar bilan bir qatorga qo‘ygan, shuning uchun bunday turdagi jinoyatlarni javobsiz qoldirib bo‘lmaydi.
Prezident bugun ertalab Mudofaa vazirligi taklifi va Rossiya Bosh shtabining rejasiga ko‘ra, yuqori aniqlikdagi havo, dengiz va quruqlikdagi qurollardan foydalangan holda Ukrainaning energetika, harbiy qo‘mondonlik va aloqa vositalariga zarba berilganini ma’lum qildi.
Prezident Mudofaa vaziri Sergey Shoyguga “natijalar haqida hisobot berish”ni topshirdi.
Ukrainaga raketa hujumi
Rossiya bosqinchilari 10 oktyabr kuni ertalab Ukraina shaharlarini ommaviy o‘qqa tutdi. Raketa hujumlari Kiyev, Vinnitsa, Lvov, Kirovograd, Nikolayev, Ternopil, Jitomir va boshqa viloyatlarning markazida qayd etilgan. Raketa hujumi oqibatida kamida 10 kishi halok bo‘ldi va 60 ga yaqin kishi jarohatlandi.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina shaharlari va muhim infratuzilmalarga zarba berilganini tan oldi. U Ukrainaga yangi zarbalar bilan tahdid qildi, aslida Ukraina shaharlarining ertalabki terrori Qrim ko‘prigining portlatilishi bilan bog‘liqligini aytdi.
Ma’lumki, Ukrainaga yuqori aniqlikdagi raketalar bilan hujum qilingan. Xususan, X101 va X555 raketalari Kaspiy mintaqasidagi strategik bombardimonchi samolyotlardan uchirilgan. Qora dengizdan "Kalibr", "Iskander", "S-300" va "Tornado" raketalari ham qo‘llanilgan.
Qrim ko‘prigida portlash
Eslatib o‘tamiz, 8 oktyabr kuni Qrim ko‘prigida portlash yuz berdi va natijada poyezdagi sisternalarda yong‘in chiqdi. Rossiya huquq-tartibot idoralari ko‘prikda yuk mashinasi portlatilganini ma’lum qildi. Qurbonlar haqida ma’lumot yo‘q.
Hodisa yuzasidan Rossiya Tergov qo‘mitasi jinoiy ish ochdi.
Ukraina Prezidenti devoni rahbarining maslahatchisi Mixail Podolyak hodisaga munosabat bildirib, bu boshlanishi ekanini, noqonuniy qurilgan barcha narsa yo‘q qilinishini ta’kidladi.
Prezident Vladimir Putin buyrug‘i bilan hodisani o‘rganish uchun hukumat komissiyasi tuzildi. Hodisa oqibatida uch kishi halok bo‘ldi.
Qrim ko‘prigi Rossiyadagi eng uzun ko‘prik bo‘lib, uning uzunligi 19 kilometrni tashkil qiladi. Avtomobil qismi 2018 yil may oyida foydalanishga topshirilgan. 2019 yil dekabr oyida esa uning temir yo‘l qismi bo‘ylab birinchi poyezdlar harakatlangan.
Live
Barchasi