Putin safarbarlik e’lon qilgach, Xitoy urushni to‘xtatishga chaqirdi

Olam

image

Xitoy Ukraina mojarosining barcha tomonlarini harbiy harakatlarni to‘xtatib, muloqot va muzokaralarni boshlashga chaqiradi. Xitoy TIV rasmiy vakili Van Venbin Rossiya Prezidenti Vladimir Putin qisman harbiy safarbarlik e’lon qilgach, shunday bayonot bilan chiqdi.

“Xitoyning Ukraina inqirozi bo‘yicha pozitsiyasi aniq va izchil, biz tegishli tomonlarni muloqot va muzokaralar yo‘li bilan o‘t ochish va va jangovar harakatlarni to‘xtatishga erishishga hamda har bir davlatning qonuniy xavfsizlik xavotirlarini inobatga olgan holda imkon qadar tezroq yechim topishga chaqiramiz”, degan diplomat brifingda.

Xitoy 24 fevralda, Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga kirganidan keyingi birinchi kunida mojaroni muzokaralar yo‘li bilan hal qilishga chaqirgandi. 

Eslatib o‘tamiz, 21 sentyabr kuni Vladimir Putin Rossiyada qisman safarbarlik to‘g‘risidagi farmonni imzoladi, unga ko‘ra 300 ming Rossiya fuqarosi jangovar hududga boradi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

86

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing