Putin rus askarlari Ukrainada nima uchun kurashayotganini aytdi
Olam
−
09 may 2022
19062Rossiya Federatsiyasi harbiylari maxsus harbiy operatsiya davomida Donbassda xalq, Vatan xavfsizligi uchun kurashmoqda. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin G‘alaba paradi oldidan Qizil maydonda so‘zlagan nutqida aytib o‘tdi.
“Hozir, shu kunlarda siz Donbassda xalqimiz uchun, Vatanimiz – Rossiya xavfsizligi uchun kurashyapsiz”, degan Putin harbiylarning parad ekipajiga murojaat qilib.
Putinning ta’kidlashicha, Rossiya yengilmas, mard avlodi bilan faxrlanadi.
“Bizning burchimiz – natsizmni tor-mor etgan, hushyor bo‘lishni va global urush dahshatlari qayta takrorlanmasligi uchun hamma narsani qilishimizni vasiyat qilganlar xotirasini yodga olishdir”, degan u.
Rossiya rahbari 1945 yilning 9 mayi birlashgan sovet xalqining g‘alabasi, uning birligi va ma’naviy qudrati, frontda va uning ortida misli ko‘rilmagan jasorat sifatida jahon tarixiga mangu muhrlanganini ta’kidlagan.
“G‘alaba kuni har birimiz uchun yaqin va aziz. Rossiyada Ulug‘ Vatan urushi g‘am keltirmagan oila yo‘q. Uning xotirasi o‘chmaydi”, deya ta’kidlab o‘tgan Putin.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi