Putin Rossiya Ukrainaga qarshi urush boshlaganini ham inkor qila boshladi

Olam

image

Prezident Vladimir Putinning fikricha, Rossiya Ukrainaga qarshi urush boshlamagan. U faqatgina “urushni tugatish” uchun harakat qilyapti. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti bugun, 7 sentyabr kuni Vladivostokda bo‘lib o‘tgan Sharqiy iqtisodiy forumning yalpi majlisidagi nutqida aytib o‘tdi.

24 fevraldan keyin Rossiya nima yutdi, nima yo‘qotdi, degan savolga javob berar ekan, u urush suverenitetni mustahkamalash uchun ekanini aytib o‘tgan.

“Biz hech narsa yo‘qotganimiz yo‘q. Va biz hech narsani yo‘qotmaymiz. Asosiy yutuq – suverenitetimizni mustahkamlash. Ha, ma’lum bir qutblanish bor, lekin men dunyoda ham, mamlakat ichida ham bu faqat foydali ekanligiga ishonaman. Chunki barcha keraksiz, zararli va bizni olg‘a siljishimizga to‘sqinlik qiladigan narsa surib tashlanadi, biz jadallikka, erishamiz, chunki zamonaviy taraqqiyot faqat suverenitetga asoslanishi mumkin. Bu boradagi barcha qadamlarimiz suverenitetni mustahkamlashga qaratilgan.

Va ikkinchi va eng muhimi. Buni yana bir bor ta’kidlamoqchiman. Ko‘pincha eshitilyapti. Biz harbiy harakatlar nuqtai nazaridan hech narsani boshlamadik, faqat tugatishga harakat qilmoqdamiz”, degan Ukrainani suverenitetidan mahrum qilish niyatidagi Putin.

Putin yana Ukrainadagi jangovar harakatlar 2014 yilda boshlanganini takrorlagan. U Donbassda tinch aholi o‘ldirilganini iddao qilgan.

Rossiya, Putinning so‘zlariga ko‘ra, vaziyatni tinch yo‘l bilan hal qilishga bo‘lgan bir necha urinishlaridan so‘ng “bila turib” muammoni “qurol kuchi bilan” hal qilishga qaror qilgan. 

“Bizning barcha harakatlarimiz Donbassda yashovchi odamlarga yordam berishga qaratilgan, bu bizning burchimiz va biz buni oxirigacha bajaramiz”, deydi Ukraina hududlarini birin-ketin bosib olayotgan Rossiya Prezidenti.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

50

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing