Putin portlatilgan Qrim ko‘prigiga Mercedes minib bordi

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bugun, 5 dekabr kuni joriy yilning oktyabr oyidagi portlashdan so‘ng ta’mirlash ishlari olib borilgan Qrim ko‘prigini ko‘zdan kechirdi. Davlat rahbari Mercedes-Benz avtomobilini boshqarib ko‘prikdan o‘tdi. Unga Bosh vazir o‘rinbosari Marat Xusnullin hamrohlik qildi va Prezidentga restavratsiya ishlarining borishi, quruvchilar duch kelgan qiyinchiliklar haqida ma’lumot berdi. 

Yo‘lda Putin Xusnullindan qayerda ta’mirlash ishlari ketayotganini so‘radi. Hukumat raisi o‘rinbosari ta’mirlash davlat rahbari mashinasi turgan joydan 9 km uzoqlikdagi uchastkada bo‘lganini aytdi.  

Xusnullinning so‘zlariga ko‘ra, yaxshi ishlab chiqarish bazasi metall konstruksiyalarni to‘liq yig‘ishni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tiklash ishlari olib boriladigan joyda tashkil qilish imkonini berdi. Uning aniqlik kiritishicha, metall uchta zavoddan – Tyumen, Qo‘rg‘on va Voronejdagi eng yirik metall ishlab chiqaruvchilardan olib kelingan.  

“Mamlakatimiz bo‘ylab keng ko‘lamli qurilish dasturiga ega bo‘lganimiz sababli, metall mavjud edi. Shuning uchun biz tezda ushbu metallni konstruksiyalarni ishlab chiqarishga o‘tkazdik va ikki hafta ichida 1214 tonnani yig‘ib, bu yerga keltirdik”, deydi Bosh vazir o‘rinbosari. 

Ma’lum bo‘lishicha, ko‘prikni tiklashda 500 kishi, 3 ta suzuvchi kran, 4 ta barja va 31 ga yaqin texnika kechayu kunduz ishlagan.

Qrim ko‘prigida portlash

Eslatib o‘tamiz, 8 oktyabr kuni Qrim ko‘prigida portlash yuz berdi va natijada poyezdagi sisternalarda yong‘in chiqdi. Rossiya huquq-tartibot idoralari ko‘prikda yuk mashinasi portlatilganini ma’lum qildi. Qurbonlar haqida ma’lumot yo‘q.

Hodisa yuzasidan Rossiya Tergov qo‘mitasi terrorchilik moddasi bilan jinoiy ish ochdi.

Ukraina Prezidenti devoni rahbarining maslahatchisi Mixail Podolyak hodisaga munosabat bildirib, bu boshlanishi ekanini, noqonuniy qurilgan barcha narsa yo‘q qilinishini ta’kidladi.

Prezident Vladimir Putin buyrug‘i bilan hodisani o‘rganish uchun hukumat komissiyasi tuzildi. Hodisa oqibatida uch kishi halok bo‘ldi.

Rossiya Federatsiyasi FXX va Tergov qo‘mitasi Qrim ko‘prigidagi terakt tashkilotchisi Ukraina Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi, uning boshlig‘i Kirill Budanov, xodimlari va agentlari bo‘lganini iddao qilmoqda. Qrim ko‘prigidagi portlash bo‘yicha ochilgan jinoyat ishi doirasida 8 kishi, jumladan, besh nafar Rossiya, uch nafar Ukraina va Armaniston fuqarolari qo‘lga olindi.

Qrim ko‘prigi Rossiyadagi eng uzun ko‘prik bo‘lib, uning uzunligi 19 kilometrni tashkil qiladi. Avtomobil qismi 2018 yil may oyida foydalanishga topshirilgan. 2019 yil dekabr oyida esa uning temir yo‘l qismi bo‘ylab birinchi poyezdlar harakatlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Qrim ko'prigi

Baholaganlar

412

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing