Putin oddiy masalalarda ham muzokaradan qochyapti – Germaniya TIV

Olam

image

Germaniya Tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Ukrainani Rossiya agressiyasiga qarshi kurashda qo‘llab-quvvatlash uchun unga qurol yetkazib berishni davom ettirishga chaqirdi. U Berlinda kecha, 21 avgust kuni Federal hukumatning Ochiq eshiklar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan nutqida Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni tanqid qildi, deya xabar bermoqda dpa agentligi.

Berbokning so‘zlariga ko‘ra, Putin xalqaro gumanitar huquq sohasidagi hamkorlik kabi umumiy masalalar bo‘yicha ham muzokaralar olib borishdan bosh tortadi, shuningdek, boshqa mamlakatlarni mojaroni hal qilishda vositachi sifatida qabul qilishdan ham bosh tortyapti. Vazir yig‘ilish ishtirokchilaridan birining Germaniya hukumati Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini harbiy emas, diplomatik yo‘l bilan tugatishga yordam berish uchun nima qilyapti, degan savoliga shunday javob berdi.

Berbokning ta’kidlashicha, hozircha muzokaralar yo‘li bilan urushni tugatishning iloji bo‘lmagani uchun Germaniyada tanlash imkoniyati bor: yo hech narsa qilmay, qo‘l qovushtirib o‘tirish yoki ruslarning kelgusidagi oldinga siljishlarini to‘xtatish uchun harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash. Hozirgi vaziyatda u ukrainaliklarga harbiy yordam ko‘rsatish “qanchalik dahshatli bo‘lmasin” Germaniya boradigan yagona yo‘l deb hisoblaydi.

Berbokning so‘zlariga ko‘ra, bu vaziyatda “millionlab odamlarni shunchaki o‘z taqdiriga topshirish”gina muqobil bo‘ladi va Germaniya “bunday mas’uliyatni o‘z zimmasiga olmaydi”.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

22

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing