Putin LXRni “ozod qilgan” harbiylarni quruq qo‘ymoqchi emas

Olam

image
0:00
0:00
download

Bugun, 4 iyul kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin mamlakat Mudofaa vaziri, armiya generali Sergey Shoyguni (O‘zbekistonda tan olinmagan – tahr.) Lugansk Xalq Respublikasining ozod qilingani bilan tabrikladi. Bu haqda TASS xabar berdi.

Qayd etilishicha, Rossiya yetakchisi Sergey Shoygu bilan uchrashuvda “ushbu harbiy operatsiya”da ishtirok etgan barcha harbiy xizmatchilarni mukofotlashga va’da bergan.

Putinning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Ukrainadagi urushni davom ettiradi. Ammo unda LXRni ozod qilishda ishtirok etgan harbiylar ishtirok etmaydi. 

“Lisichanskni ozod qilishda qatnashgan “Markaz” va Janubiy qo‘shinlar guruhining bo‘linmalari dam olib, jangovar salohiyatini oshirishi zarur. Ayni paytda “G‘arb” va “Sharq” guruhlari reja asosida o‘z harakatlarini davom ettirishi kerak”, degan Putin.

Sergey Shoyguga ko‘ra, ikki hafta ichida Rossiya va Lugansk kuchlari 25 ta aholi punktini “ozod qilgan”, ularning eng yiriklari Severodonetsk, Lisichansk, Zolote, Gorskoye va Volcheyarovka bo‘lgan.

Ukraina Qurolli Kuchlarining umumiy yo‘qotishlari 5469 kishini tashkil etgan. Bundan tashqari, Ukraina tomoni 196 ta tank va zirhli transport vositalarini (yana 39 tasi Lisichanskda tashlab ketilgan), 166 ta qurol hamda minomyotlarni, 97 ta raketa otish moslamalarini, 216 ta transport vositalarini va 6 ta uzoq masofaga mo‘ljallangan zenit-raketa tizimini yo‘qotgan. Ukraina aviatsiyasining yo‘qotishlari esa 12 ta samolyot, vertolyot va 65 ta dronni tashkil etgan.

“Hozir Lisichanskda minalardan tozalash va gumanitar yuklarni yetkazib berish ishlari olib borilmoqda, aholiga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda”, degan Rossiya Mudofaa vaziri.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

24

Reyting

3.5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing