Putin Kim Chen Inni qanday taomlar bilan siyladi?

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In sharafiga uyushtirgan rasmiy tushlikda o‘z mehmonini Sibir va Uzoq Sharq taomlari bilan siyladi. Bu haqda TACC xabar berdi. 

Dastlab yuqori martabali mehmonlarga anjir va nektarinli o‘rdak salati taklif qilingan. Keyin Kamchatka qisqichbaqasi va amur balig‘i sho‘rvasi bilan chuchvara tortilgan.

Issiq taomlardan oldin mehmonlarga oblepixa sharbatini tatib ko‘rish taklif qilingan. An’anaga ko‘ra, asosiy taom sifatida qo‘ziqorin va kartoshka bilan bakir baliqlari hamda pishirilgan sabzavotlar bilan mol go‘shti keltirilgan.

Desert esa qarag‘ay yong‘oqlari va quyultirilgan sut bilan tayga brusnika mevasidan iborat bo‘lgan. Ichimliklarga kelsak, KXDR rahbari rus vinolarini ham tatib ko‘rgan. 2021 yilgi uzum  hosilidan oq vino va 2020 yilgi hosildan qizil vino taqdim etilgan. 

Tantanali qabul chog‘ida Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In Rossiyaning g‘alabasi, uning Prezidenti Vladimir Putinning salomatligi hamda Rossiya-Koreya munosabatlarining mustahkamlanishi uchun qadah ko‘targan.

“Rossiya Federatsiyasining hurmatli Prezidenti, o‘rtoq Vladimir Vladimirovich Putinning mustahkam sog‘lig‘i, buyuk Rossiyaning yangi g‘alabasi, Rossiya-Koreya do‘stligining uzluksiz rivojlanishi va mustahkamlanishi, bu yerda hozir bo‘lgan barchaning salomatligi uchun qadah ko‘tarishni taklif qilaman, o‘rtoqlar”, degan Kim Chen In. 

O‘z navbatida, Vladimir Putin ham Rossiya Federatsiyasi va KXDR o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlash uchun qadah ko‘tarib, ikki xalqning do‘stligi haqida maqollarni keltirgan.

“Koreyada “Yangi kiyim yaxshi, eski do‘st yaxshi” degan maqol bor. Bizning xalqimizda esa “Ikki yangi do‘stdan ko‘ra, bir eski do‘st afzal”, deyishadi. Bu xalq donoligi mamlakatlar o‘rtasidagi zamonaviy munosabatlariga to‘liq mos keladi. Rossiya Federatsiyasi va Koreya Xalq Demokratik Respublikasi o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni yanada mustahkamlash, xalqlarimiz farovonligi va totuvligi, o‘rtoq rais salomatligi uchun “tost” aytishni taklif etmoqchiman”, degan Rossiya Prezidenti.

Bundan tashqari, davlat rahbarlari o‘rtasida muzokaralar o‘tayotgan “Vostochniy” kosmodromida Putin Kim Chen Inga Rossiyaning Aurus avtomobillarini ko‘rsatgan. Kim Chen In mashinani avvaliga tashqaridan ko‘zdan kechirgan, so‘ng orqa yo‘lovchi o‘rindig‘iga o‘tirib ichkaridan uning qulayligini tekshirgan. Shu bilan birga, Putin mavqedoshiga avtomobilning xususiyatlari haqida gapirib bergan. Keyinchalik ular boshqa modeldagi ikkinchi Aurus’ga o‘tirgan.

Ma’lumot uchun, Kim Chen In Rossiyaning Amur viloyatiga o‘z poyezdida yetib kelgan. Vagonlardan birida u o‘zining shaxsiy Maybach limuzinini olib kelgan, temiryo‘l stansiyasidan uchrashuv joyiga ham u aynan o‘z bilan Maybach’ida kelgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 10 sentyabr kuni Kim Chen In Pxenyandan jo‘nab, Rossiyaga maxsus poyezdda yo‘l olgandi. Kecha, 12 sentyabr kuni Rossiyaga kelgan Kim Chen In Tabiat vaziri Aleksandr Kozlov va Primorsk o‘lkasi gubernatori Oleg Kojemyako bilan muzokara o‘tkazdi. Bugun, 13 sentyabrda Shimoliy Koreya yetakchisi Prezident Putin bilan “Vostochniy” kosmodromida uchrashdi. Ular qisqa suhbatdan so‘ng kosmodromdagi ob’ektlarni ko‘zdan kechirdi. Keyin esa davlat rahbarlari boshchiligidagi delegatsiyalarning muzokaralari bo‘lib o‘tdi.


Maqola muallifi

Teglar

Kim Chen In Putin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing