Putin Qozog‘istondagi talato‘pning kelib chiqish sababini aytdi

Olam

image

Rossiya Qozog‘istonga tahdid stixiyali norozilik harakatlari bilan emas, balki tashqi va ichki buzg‘unchi kuchlar tomonidan yuzaga kelganini tushunadi. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin KXSHT Kollektiv xavfsizlik kengashining navbatdan tashqari sessiyasida aytib o‘tdi.  

“Biz Qozog‘iston davlatchiligiga tahdid yoqilg‘i narxi bo‘yicha o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgan norozilik harakatlaridan emas, balki buzg‘unchi ichki va tashqi kuchlarning vaziyatdan foydalanganidan kelib chiqqanini tushunamiz. Gaz bozoridagi vaziyatni targ‘ib qilganlar bir xalq va maqsadlari bir, qo‘liga qurol olib, davlatga hujum qilganlar esa mutlaqo boshqa odamlar va ularning maqsadlari ham boshqa”, degan Putin.

Rossiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘istonda “Maydon”ga xos bo‘lgan norozilik namoyishlarini kuchli axborot bilan ta’minlash elementlari faol qo‘llangan.

“Maydon”ga xos bo‘lgan norozilik namoyishlarini kuchli axborot bilan ta’minlash elementlari faol qo‘llanildi, yaxshi tashkil etilgan va yaxshi nazorat qilinadigan jangarilar guruhlari ishga solindi”, degan Putin. 

U Qozog‘istondagi vaziyatni jiddiy va hayajonli deb atagan va bu KXSHTning barcha a’zolariga tegishli ekanini ta’kidlagan. Shu bilan birga, Rossiya Federatsiyasi Prezidentining fikricha, respublika duch kelgan vaziyat davlat xavfsizligi, yaxlitligi va suvereniteti uchun misli ko‘rilmagan muammodir. 

Putin Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevning Respublika tartibsizliklar paytida agressiyaga uchragani haqidagi bahosiga to‘liq qo‘shilishini ma’lum qilgan. 

“Qosim-Jomart Kemelevich ta’kidlaganidek, ularning (qurollangan odamlarning) Qozog‘istonga hujumi tajovuzkorlik harakati edi. Men bunga to‘liq qo‘shilaman”, degan Putin.

Qozog‘istonda namoyishlar 

Qozog‘istonda norozilik aksiyalari yangi yilning ilk kunlaridan boshlandi. Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.    

Muzokara davomida tomonlar barcha yuzaga kelayotgan muammolarni konstruktiv muloqotning asosiy oqimida va amaldagi qonunchilik doirasida hal qilishga kelishib olgan.    

Shuningdek, miting ishtirokchilari javobgarlikka tortilmasligiga ham kafolat berilgandi. Lekin, 5 yanvar kuni Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari mamlakatning bir qancha viloyatlarida sodir etilgan noqonuniy harakatlar chog‘ida jamoat tartibini buzganlik uchun 200 dan ortiq kishini qo‘lga oldi.  

5 yanvar kuni, shuningdek, Qozog‘istonning amaldagi Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Hukumat iste’fosini qabul qildi. Shuningdek, Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi raisi lavozimidan ketdi. Uning o‘rnini Prezident To‘qayev egalladi.

Bu orada ijtimoiy tarmoqlarda Nazarboyev va uning oilasi mamlakatni tark etgani, jiyani Samat Abish hibsga olingani haqida xabarlar tarqaldi. Biroq bularning hech biri isbotini topmadi. Shundan so‘ng, Elboshining Matbuot kotibi Aydos Ukibay Nazarboyev mamlakat poytaxtida bo‘lib turganini ma’lum qildi.

Shuningdek, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Karim Masimov lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini Yermek Sagimbayev egalladi.

Qozog‘istonda butun mamlakat bo‘ylab 19 yanvargacha favqulodda holat joriy etildi. Shuningdek, shu kunlarda soat 23:00 dan 07:00 gacha komendantlik soati amalda bo‘ladi.

Prezident Respublika Saken Isabekovni davlat qo‘riqlash xizmati rahbari etib tayinlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

To‘qayev mamlakatdagi norozilik vaziyatiga Hukumat, xususan, Energetika vazirligi, shuningdek, “Kazmunaygaz” va “Kazakgaz” kompaniyalarini aybladi.

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKB) mamlakatga cheklangan muddatga tinchlikparvar kuchlarni kiritish to‘g‘risida qaror qabul qildi


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Putin

Baholaganlar

618

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing