Putin Qorabog‘ga 1 960 nafar harbiyni yuborishni buyurdi. Bu safar maqsad – tinchlik
Olam
−
12 noyabr 2020
7343Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin Tog‘li Qorabog‘da tinchlikni saqlash chora-tadbirlari to‘g‘risida farmonni imzoladi. Unga ko‘ra mintaqaga 1960 nafargacha Rossiya tinchlikparvar kuchlari yuboriladi, kontingent esa yiliga kamida ikki marta almashtiriladi. Hujjat bugun, 12 noyabr kuni rasmiy axborot portalida e’lon qilindi.
Farmon Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyanning 9 noyabrdagi qo‘shma bayonoti asosida Federatsiya kengashining “Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlaridan mamlakat tashqarisida foydalanish to‘g‘risida”gi 355-sonli qaroriga binoan Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish va tinchlikni saqlash maqsadida imzolangan.
Farmonga binoan, "RF Qurolli Kuchlarining 1960 nafar harbiy xizmatchilari Tog‘li Qorabog‘ga yuboriladi.
Harbiy xizmatchilar avtomatik ravishda uzaytirish sharti bilan besh yil muddatga (agar tegishli besh yillik muddat tugashidan olti oy oldin Ozarbayjon va Armaniston erishilgan kelishuvlarga rioya qilishni to‘xtatish niyatlarini bildirmasalar) yuboriladi. Tinchlikparvar kontingent Tog‘li Qorabog‘ mojarosi zonasida, aloqa chizig‘i bo‘ylab joylashtiriladi.
Shu bilan birga, Prezident Mudofaa vazirligiga Tog‘li Qorabog‘dagi tinchlikparvar kontingentining shaxsiy tarkibini yiliga kamida ikki marotaba rotatsiya qilishni va resurs tugaganligi va texnik zaruriyat tufayli harbiy uskunalarni almashtirishni buyurdi. Federal xavfsizlik xizmatiga Armanistonning Ozarbayjonning g‘arbiy viloyatlari va Naxichevan avtonom respublikasi o‘rtasida fuqarolar, transport vositalari va yuklarning ikki yo‘nalishda to‘siqsiz harakatlanishini ta’minlanishni nazorat qilish topshirildi.
Shuningdek, Putin hukumatga harbiy xizmatchilarni moddiy qo‘llab-quvvatlash va pul nafaqalarini to‘lashni, shu jumladan ularning oila a’zolari qo‘shimcha kafolatlar va kompensatsiyalar bilan ta’minlash, tinchlikparvar kuchlarni faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirishni buyurdi.
9 noyabr kuni Prezident Putin, Aliyev va Pashinyan Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy harakatlarning to‘liq to‘xtatilishi to‘g‘risida qo‘shma bayonot imzoladilar. Rossiya rahbari, xususan, Ozarbayjon va Armaniston tomonlari egallab olgan pozitsiyalarida qolishini va Rossiya Federatsiyasidan tinchlikparvar kuchlar mintaqaga joylashtirilishini aytdi.
Ozarbayjon prezidenti matbuot xizmati 10 noyabr kuni Ozarbayjon va Turkiya rahbarlari Ilhom Aliyev va Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Tog‘li Qorabog‘ mojarosi atrofidagi vaziyat va mintaqada "Turkiya-Rossiya tinchlikparvarlik markazi"ni yaratishni muhokama qilgani haqida xabar berdi.
11 noyabr kuni Rossiya va Turkiya Qorabog‘dagi sulhni nazorat qilish markazini yaratish to‘g‘risida kelishib oldilar, memorandum Rossiya mudofaa vaziri armiya generali Sergey Shoygu va Turkiya mudofaa vaziri Xulusi Akar o‘rtasidagi videoaloqa muzokaralari natijasida imzolandi.
Tog‘li Qorabog‘ mojarosi
Tog‘li Qorabog‘da Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi navbatdagi qurolli to‘qnashuv joriy yilning 27 sentyabr kuni boshlangandi.
Rasmiy Bakuga ko‘ra, Armaniston Qurolli Kuchlari joriy yilning 27 sentyabr kuni soat 06:00 dan boshlab Ozarbayjonga qarshi keng ko‘lamli provokatsiyalarni amalga oshirdi, butun front bo‘ylab Ozarbayjon armiyasining pozitsiyalarini, shuningdek, oldingi chiziq zonasida joylashgan aholi punktlarini o‘qqa tutdi.
Armaniston hujum Ozarbayjon qurolli kuchlari tomonidan boshlanganini aytdi. Ozarbayjon esa qurolli to‘qnashuvga nisbatan javob hujumlari boshlaganini rasman e’lon qildi.
Holat bo‘yicha Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev xalqqa murojaat bilan chiqib, to‘qnashuv Ozarbayjonning provokatsiyasi emasligini aytdi.
Nikol Pashinyan esa mamlakatda harbiy holat va umumiy safarbarlik e’lon qildi. Buning ortidan Ilhom Aliyev mamlakatda harbiy holat va komendantlik soati e’lon qilish haqidagi farmonga imzo chekdi. Shuningdek, Aliyev 28 sentyabr kuni qisman safarbarlik e’lon qilish haqidagi hujjatni imzoladi.
Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida keskinlik avj olgandan keyin Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ikki mamlakat Tashqi ishlar vazirlari bilan telefon orqali muloqot qilib, ularni muzokaralar stoliga qaytishga chaqirgan edi. Prezident Vladimir Putin esa Nikol Pashinyan bilan muloqot qilib, masalani tinch yo‘l bilan hal etishni tavsiya qildi. Bu orada Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev asosiy kuch va dastakni Turkiya Respublikasidan olayotgani ma’lum bo‘ldi. Shu kuni Turkiya va Ozarbayjon Prezidentlari telefon orqali muloqot qildilar va Erdo‘g‘an turk xalqi va davlati Ozarbayjonni bor imkoniyati bilan qo‘llab-quvvatlashini eslatdi.
Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi Tog‘li Qorabog‘ mojaroli zonasidagi vaziyat ko‘p jihatdan Rossiyaga bog‘liq. Rossiya Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi, shuningdek Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Minsk guruhining hamraisi. 1 oktyabr kuni guruh hamraislari – AQSH, Rossiya va Fransiya Tog‘li Qorabog‘ masalasida qo‘shma bayonot e’lon qildilar.
Tomonlar uch marta sulh tuzdi. Ammo ularning hech biri muvaffaqiyatli bo‘lmadi.
Joriy yilning 8 noyabr kuni Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘dagi muhim ahamiyatga ega Shusha shahrini ozod qilishi bilan harbiy harakatlarda tub burilish yasaldi. Endilikda Ozarbayjon harbiylari to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasining ma’muriy markazi Xonkandi (Stepanakert)ga hujum qilishi mumkin bo‘lib qoldi.
Oradan ko‘p o‘tmay esa tomonlar Rossiya vositachiligida o‘t ochishni to‘xtatish va harbiy harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha sulhga erishdi. Sulh bitimiga ko‘ra, 10 noyabr soat 00:00 dan boshlab Qorabog‘da harbiy harakatlar butunlay to‘xtatildi, Armaniston Tog‘li Qorabog‘dagi 3 ta tumanni Ozarbayjonga qaytarish majburiyatini oldi.
Shuningdek, Qorabog‘ga Rossiya tinchlikparvar kuchlari kiritiladi. Ular Armaniston va Tog‘li Qorabog‘ni bog‘lovchi yo‘lakki joylashtiriladi. Rasmiy Baku tez orada nazoratiga o‘tuvchi Lochin tumani hududida barpo qilinadigan yo‘lakdan har ikki tomon fuqarolari xavfsiz o‘tishini ta’minlashga va’da berdi.
LiveBarchasi