Putin global inflyatsiya aybdorlarini aytdi
Olam
−
06 iyun 2022
13798G‘arbning iqtisodiy siyosatdagi sanksiyalari va ko‘p yillik xatolari global inflyatsiya, qashshoqlikning o‘sishi va oziq-ovqat taqchilligiga olib keldi. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning XXV Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatida aytiladi.
“G‘arb mamlakatlarining iqtisodiy siyosatdagi ko‘p yillik xatolari va noqonuniy sanksiyalari global inflyatsiya to‘lqini, odatiy logistika va ishlab chiqarish zanjirlarining barbod bo‘lishi, qashshoqlikning keskin o‘sishi hamda oziq-ovqat taqchilligiga olib keldi”, degan Putin murojaatida.
Rossiya yetakchisining fikriga ko‘ra, 2020 yillar Rossiya uchun iqtisodiy suverenitetni mustahkamlash davri bo‘ladi. Xususan, mamlakat o‘zining infratuzilmaviy va texnologik bazasini jadal rivojlantiradi, mutaxassislarni tayyorlash darajasini oshiradi va mustaqil moliya tizimini shakllantiradi.
Ma’lumot uchun, G‘arb davlatlarining siyosatchilari Rossiyaning Ukrainadagi harbiy amaliyoti dunyoda inflyatsiyani keltirib chiqargani va Ukrainada don eksporti to‘sib qo‘yilgani sababli global ocharchilik yuzaga kelishini bir necha bor ta’kidlagan.
Rossiya Prezidenti Ukraina bug‘doyining 20 million tonnasi ya’ni dunyodagi umumiy don ishlab chiqarishning 0,5 foizi “hech narsa” ekanini aytgan. Uning qayd etishicha, donni dengiz orqali eksport qilish muammosi Ukraina harbiylarining o‘zlari portlarni minalagani bilan bog‘liq.
Putinga ko‘ra, donni quruqlik orqali olib chiqish mumkin. Buning eng oson va arzon yo‘li Belarusga qarshi kiritilgan sanksiyalarning bekor qilinishidir.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi