Prezidentga muntazam axborot berilmoqda – Asadov “svet”ni qaytarish ishlari haqida
Jamiyat
−
25 yanvar 2022
11536O‘zbekiston elektr energiyasi ta’minoti va boshqa tarmoqlar ishini normallashtirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining Matbuot kotibi sherzod Asadov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hududlarda elektr ta’minoti bosqichma-bosqich tiklanmoqda. Huquq-tartibot idoralari kuchaytirilgan ish rejimiga o‘tkazilgan.
“Avval aytib o‘tilganidek, vaziyat shaxsan Prezidentimiz nazorati ostida, qilinayotgan ishlar haqida davlatimiz rahbariga muntazam axborot berib borilmoqda.
Bundan tashqari, aholining hayotiy ehtiyojlarini ta’minlash bilan bog‘liq barcha sohalar hamda huquq-tartibot idoralari kuchaytirilgan ish rejimiga o‘tkazildi”, deydi Asadov.
U hozircha elektr ta’minoti tiklanmagan joylarda uy-joylarni yoritish va isitish moslamalaridan foydalanishda Favqulodda vaziyatlar vazirligining tavsiyalariga amal qilishni so‘ragan.
Avvalroq, Sog‘liqni saqlash vazirligi tibbiyot muassasalari (shu jumladan tug‘ruqxonalar, COVID-shifoxonalar va hokazolar) elektrogeneratorlar bilan ta’minlanganini ma’lum qilgandi.
Shuningdek, iste’molchilarga qulaylik yaratish maqsadida tabiiy gazdan qarzdorlik uchun avtomatik ravishda o‘chirish to‘xtatildi.
“Konets sveta”
Bugun, 25 yanvar kuni soat 11:00 larda O‘zbekistonning qator viloyatlarida elektr energiyasi ta’minoti uzildi. Buning ortidan dastlab, Toshkent metropoliteni faoliyati to‘xtatildi, poyezdlarning manzilga yetib borish vaqti kechiktirildi. Elektrdagi uzilish suv ta’minotini ham to‘xtatib qo‘ydi.
Keyinroq, qo‘shni mamlakatlar — Qozog‘iston va Qirg‘izistonning qator hududlarida ham elektr energiyasi uzildi. O‘zbekistonda esa barcha ayeroportlar faoliyati cheklandi.
O‘zbekiston Energetika vazirligining ma’lum qilishicha, Qozog‘iston Elektr tarmog‘ida katta avariya bo‘lishi oqibatida Olma-ota, Chimkent, Taras, Turkiston (viloyatlarida) va atrof hududlarida Elektr energiya ta’minotida o‘chishlar yuzaga kelgan.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Toshkent viloyatidagi Chorvoq, Xojikent va Tovoqsoy gidroelektr stansiyalari, Navoiy viloyatidagi Navoiy issiqlik elektr stansiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasi hamda Farg‘ona viloyatidagi Farg‘ona issiqlik elektr markazi orqali energetika tizimiga quvvat uzatish boshlangan.
Shuningdek, Toshkent shahrining qator hududlarida yelektr ta’minioti tiklandi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida elektr energiyasi ta’minoti to‘liq tiklandi.