Tramp nega XJSni jazolayapti?
Tahlil
−
08 fevral
7475AQSH Prezidenti Donald Tramp Qo‘shma Shtatlar va uning ittifoqchisi Isroilni “noqonuniy va asossiz harakatlar”da ayblab, nishonga olgan Xalqaro jinoiy sudni (XJS) jazolash to‘g‘risidagi farmonni imzolaganidan xabaringiz bo‘lsa kerak. Jismoniy shaxslarni og‘ir xalqaro jinoyatlar uchun ta’qib qiluvchi XJS Isroilning G‘azoga bosqini paytida Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantni harbiy jinoyatlar va insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etganlikda ayblab, hibsga olishga order berish qarori tufayli AQSH va Isroilniнг noroziligiga duch kelgandi. Shuningdek, u Isroil 2023 yil 7 oktyabrdagi hujum tashkilotchilaridan biri bo‘lganlikda ayblagan HAMAS rasmiysi Muhammad Deifni hibsga olishga ham order bergan. HAMAS o‘tgan oy Isroil uni o‘tgan yili havo hujumida o‘ldirganini tasdiqlagan edi.
Xo‘sh, Xalqaro jinoiy sud o‘zi nima, nega Tramp unga sanksiya kirityapti va uning qarori qanday ta’sir qiladi? Quyida shularni ko‘rib chiqamiz.
Tramp nima dedi?
Tramp 6 fevral kuni XJS tomonidan AQSH va uning ittifoqchilari fuqarolariga nisbatan tergov o‘tkazayotgan odamlarga iqtisodiy va sayohat sanksiyalarini qo‘llash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. AQSH Prezidentining da’vo qilishicha, sud “Netanyaxu va Galantni nishonga olgan holda asossiz hibsga olishga order berib, o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilgan”. Uning ta’kidlashicha, sudning harakatlari “AQSHning hozirgi va sobiq xodimlariga bevosita xavf tug‘diruvchi pretsedentni o‘rnatgan” va milliy xavfsizlikka “noodatiy va favqulodda tahdid” tug‘dirgan.
“Qora ro‘yxat”ga tushgan XJS xodimlarining ismlari hozircha oshkor etilmagan, ammo nishonga olinganlar va ularning oilalari AQSHga kira olmaydi. Ularning aktivlari ham muzlatilishi va mulkni sotib olish huquqi bloklanishi mumkin.
Tramp, shuningdek, qo‘shimcha ma’lumot bermasdan, “ittifoqchilari XJSning AQSH va Isroilga qarshi har qanday harakatlariga qarshi turishini kutishini” aytdi.
XJS Trampning qarorini qoralab, xodimlarining orqasida mustahkam turishga va butun dunyo bo‘ylab vahshiyliklarning millionlab begunoh qurbonlarini adolat va umid bilan ta’minlashni davom ettirishga va’da berdi.
XJS nima?
Niderlandiyaning Gaaga shahrida joylashgan XJS harbiy jinoyatlar, insoniyatga qarshi jinoyatlar, genotsid va 125 ta a’zo davlatlar hududiga qarshi tajovuz jinoyatlari uchun shaxslarni tergov qiladi va ta’qib qiladi. AQSH ham, Isroil ham XJSga a’zo emas.
Markaziy bank oxirgi instant qarz beruvchisi bo‘lgani kabi, XJS ham milliy hokimiyat organlari buni qila olmasa yoki xohlamasa, jinoyatlarni ta’qib qilishga kirishadigan oxirgi instansiya sudi hisoblanadi.
Sud bosh prokurori Karim Xon o‘tgan yilning may oyida G‘azodagi urush yuzasidan o‘ldirilgan HAMASning uch amaldori hamda Netanyaxu va Galantni hibsga olishga order berishni so‘ragan. Sud orderlarni noyabr oyida chiqargan.
Sudning Rim statutini ratifikatsiya qilgan davlatlar Netanyaxu va Galantni o‘z tuproqlariga qadam qo‘ysa, hibsga olishga majbur. AQSH (Xitoy, Rossiya va boshqalar qatorida) statutni tasdiqlamagani uchun Netanyaxu shu hafta Vashingtonga bemalol bordi va Trampning ikkinchi muddati davomida Oq uyga taklif qilingan birinchi xorijiy davlat yetakchisi bo‘ldi.
XJS 2015 yilda Falastinni a’zo sifatida qabul qilib, G‘azoda sodir bo‘lgan xalqaro jinoyatlar ustidan yurisdiksiya oldi.
Jismoniy shaxslarni jinoiy javobgarlikka tortuvchi XJS davlatlarni ta’qib qiluvchi Xalqaro suddan (XS) farq qiladi. O‘tgan yili XS G‘azodagi falastinliklar “genotsiddan himoyalanish uchun oqilona huquqlarga” ega, deb qaror qildi. Sud, shuningdek, Isroilga G‘azo janubidagi Rafah shahriga hujumini darhol to‘xtatishni buyurdi, biroq Isroil bunga e’tibor bermadi.
Tramp buni ilgari qilmaganmi?
Ha. 2020 yil iyun oyida, birinchi muddatining oxiriga kelib, Tramp AQSH qurolli kuchlari, Markaziy razvedka boshqarmasi va “Tolibon” tomonidan Afg‘onistonda sodir etilgan urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlar bo‘yicha tergov olib borgani uchun o‘sha paytdagi XJS bosh prokurori Fatu Bensuda va sudning yana bir yuqori mansabdor shaxsiga sanksiya kiritgan. O‘shanda Tramp ma’muriyati “kenguru sudini” tanqid qilib, uni “yuridik organ sifatida niqoblangan mas’uliyatsiz siyosiy institut” deb atagan.
Biroq ekspertlarning ogohlantirishicha, bu safargi sanksiyalar o‘z asoslari va potensial ta’siri jihatidan yanada kengroqdir. Oksford universiteti axloq, huquq va qurolli mojarolar instituti direktori Janina Dill CNN telekanaliga bergan intervyusida avvalgi sanksiyalar Afg‘onistondagi AQSH qo‘shinlarining harakatlari ustidan tergov olib borishga to‘sqinlik qilishga qaratilgan bo‘lsa-da, bu safargi buyruq “sud loyihasini tubdan rad etishi”ni aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi choralarning amaliy oqibatlari XJSni ramziy ravishda buzish bilan bir qatorda, “sud ishiga putur yetkazishi mumkin”.
“Sud o‘z tergovini o‘tkazishi uchun mablag‘ga muhtoj. Buning uchun banklar, sayyohlik agentliklari, turli korxonalar va uchinchi tomonlarning hamkorligi zarur. Agar ular AQSH sanksiyalaridan qo‘rqishlari kerak bo‘lsa, bu sezilarli samara beradi”, deya qo‘shimcha qildi Dill.
Reaksiya qanday bo‘ldi?
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Trampning qaroridan afsusda ekanini bildirdi va uni bu qaroridan voz kechishga chaqirdi.
Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen ham XJS “global jazosizlikka qarshi kurashni erkin olib borishi” kerakligini aytdi. Biroq Yevropa Ittifoqi bir ovozdan gapirmayapti. Masalan, Vengriyaning o‘ta o‘ngchi Bosh vaziri Viktor Orbanga ko‘ra, Trampning qarori “Vengriyaga AQSH sanksiyalari ostidagi xalqaro tashkilotda nima qilayotganini ko‘rib chiqish vaqti keldi” degan ma’noni anglatadi.
Qayd etish joiz, Netanyaxuni hibsga olish uchun order so‘raganidan so‘ng jinsiy tajovuzda ayblangan XJS Bosh prokurori Karim Xon o‘tgan yili CNN telekanaliga bergan intervyusida shunday degan:
“Sudni tahdidlar bilan to‘xtatib bo‘lmaydi, chunki biz prokuror sifatida o‘z mas’uliyatimizni bajarishimiz kerak ... o‘zimizdan ham kattaroq narsa, bu adolatga sodiqlikdir”.
Nega aynan hozir?
Sanksiyalar Tramp Netanyaxuni Oq uyda kutib olganidan keyin joriy qilingan. Avvalroq G‘azo sektorini “tozalamoqchi” ekanini aytgan Tramp 4 fevral kuni AQSH uchun hududni “o‘zlashtirib olish”, u yerda yashovchi falastinliklarni joylashtirish va uni yangi “rivera”ga aylantirish rejasini e’lon qildi.
Etnik tozalash va xalqaro huquqni buzuvchi reja global diplomatik bo‘ronga sabab bo‘ldi, Isroildagi o‘ng qanot siyosatchilarning ko‘pchiligini xursand qildi va falastinliklarni dahshatga soldi.
“Bu yangi sanksiyalar bilan birgalikda Tramp boshqaruvidagi AQSH xalqaro jinoiy adolat tarafdori bo‘lishdan adolatsizlikni sodir etuvchiga o‘tayotganidan dalolat beradi. Bu haqiqatan ham tashvishli”, deydi Dill.