Tramp G‘azoni “tozalamoqchi”. Bu Yaqin Sharq uchun nimani anglatadi?

Tahlil

image
Arab davlatlari Trampning “G‘azoni tozalash” so‘rovini rad etdi north_east

Arab davlatlari Trampning “G‘azoni tozalash” so‘rovini rad etdi

AQSH Prezidenti Donald Tramp G‘azo aholisini qo‘shni davlatlarga ko‘chirishni yana bir bor taklif qildi. Bu haqda u kecha, 27 yanvar kuni Air Force One bortida jurnalistlar bilan suhbatda so‘z ochdi.

"Men ular betartiblik va zo‘ravonliksiz yashashlari mumkin bo‘lgan joyda hayot kechirishini istayman", dedi Amerika rahbari .

Tegishli savolga javoban Oq uy rahbari bu boradagi fikri o‘zgarmaganini ma’lum qildi.

"G‘azo sektoriga nazar tashlasangiz, u ko‘p yillardan beri do‘zax bo‘lgan", dedi Tramp mintaqa uzoq vaqtdan beri zo‘ravonlikdan jabr ko‘rganiga e’tibor qaratib.

Shuningdek, AQSH Prezidenti “Yaqin Sharqda tinchlik hukmronligini” ko‘rishni istashini aytdi.

“O‘ylaymanki, biz odamlar ancha xavfsiz va qulayroq joylarda yashashiga erisha olamiz”, deb qo‘shimcha qildi Amerika yetakchisi.

Uning fikricha, Misr ham, Iordaniya ham falastinliklarni bu hududdan chiqarib olish haqidagi iltimosini bajaradi. Uning qo‘shimcha qilishicha, u Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi bilan G‘azodan Misrga falastinliklarni yuborish haqida gaplashgan.

“Men unga (al-Sisi) ko‘p yordam berdim va umid qilamanki, u bizga yordam beradi. O‘ylaymanki, u buni qiladi (falastinliklarni oladi) va Iordaniya qiroli ham buni qiladi”, dedi Tramp.

Qayd etish joiz, 25 yanvardagi provokatsion bayonotlarida Tramp birinchi bo‘lib Isroilning 15 oydan ortiq davom etgan kuchli bombardimonidan so‘ng, blokada qilingan Falastin hududini "tozalash" g‘oyasini ilgari surgandi. U o‘shanda g‘azoliklarni qo‘shni davlatlar Misr va Iordaniyaga ko‘chirishni taklif qilgan va u allaqachon Iordaniya qiroli Abdulloh II bilan potensial uy-joy qurish va G‘azodan bir milliondan ortiq falastinlikni qo‘shni davlatlarga ko‘chirish haqida gaplashganini aytgandi.

Qohira ham, Amman ham Trampning taklifini rasman rad etgan, chunki har ikki davlat ham tarixan falastinliklarni ko‘chirishga qarshi chiqqan.

"Iordaniya iordaniyaliklar uchun, Falastin esa falastinliklar uchun. Bizning deportatsiyani rad etishimiz qat’iy va o‘zgarmasdir", dedi Iordaniya Tashqi ishlar vaziri Ayman Safadi Ammanda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.

Misr Tashqi ishlar vazirligi ham "falastinliklarni deportatsiya qilish yoki o‘z yerlaridan ko‘chirish yoki ko‘chirishni rag‘batlantirishni" rad etishini aytdi.

BMT: Trampning G‘azodagi etnik tozalash rejasi

Kecha, 27 yanvar kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi matbuot kotibi Stefan Dyujarrik ham Misr va Iordaniya G‘azodan falastinliklarni ko‘chirish rejasiga ochiqchasiga qarshi chiqqanini bildirdi.

"O‘ylaymanki, barchamiz Misrdan, Iordaniyadan, Arab Ligasidan bu rejaga qarshi chiqqan izohlarni aniq ko‘rdik. Albatta, biz odamlarning majburiy ko‘chirilishiga yoki etnik tozalashning har qanday turiga olib kelishi mumkin bo‘lgan qanday rejaga qarshi bo‘lamiz”, dedi u jurnalistlarning Tramp taklifi haqidagi savolga javoban.

Tahlilchilarning aytishicha, falastinliklarni boshqa joyga ko‘chirish bo‘yicha har qanday rejalar Isroil rejimiga G‘azodan aholini majburan chiqarib yuborishi va hududni isroillik ko‘chmanchilar bilan to‘ldirishi uchun zarur bahona bo‘ladi.

E’tiborli jihati shundaki, agar Trampning taklifi qabul qilinsa, Bayden ma’muriyatining G‘azo aholi punktini yo‘qotmaslik kerakligi haqidagi pozitsiyasidan keskin tanaffus bo‘ladi va G‘azo bo‘lajak Falastin davlatining bir qismi bo‘lishi kerakligi haqidagi AQSHning uzoq yillik pozitsiyasidan o‘zgarishini ko‘rsatishi mumkin. Bu, shuningdek, Tramp ma’muriyatini Isroilning eng radikal o‘ng siyosatchilari bilan uyg‘unlashtiradi, ular yahudiylar turarjoyiga yo‘l ochish uchun falastinliklarni hududdan olib chiqishni yoqlaydi.

Trampning taklifini isroillik ekstremistik siyosatchilar, jumladan "Falastin xalqi degan narsa yo‘q" deb bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan Moliya vaziri Betsalel Smotrich hamda terrorizmni qo‘llab-quvvatlagani va arablarga qarshi irqchilikni qo‘zg‘atgani uchun bir marta sudlangan sobiq milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben Gvir ham ma’qulladi.

Falastinlik siyosatchilar esa buni g‘azoliklarni o‘z tuproqlaridan etnik tozalash rejasi deb qoraladi.

Qo‘shma Shtatlarda, hatto senator Lindsi Grem – Isroilning Kongressdagi eng ashaddiy tarafdorlaridan biri – CNN’ga bergan intervyusida bu g‘oyaning “haddan tashqari amaliy” ekanligiga ishonmasligini aytdi.

"Men u nima haqida gapirayotganini bilmayman", dedi Grem Trampga ishora qilib.

Mutaxassislarning ogohlantirishicha, ma’naviy va huquqiy tashvishlardan tashqari, qo‘shni arab mamlakatlariga qochqinlar oqimi ularni beqarorlashtirishi va ekzistensial xavf tug‘dirishi mumkin. Ularning fikricha, Trampning taklifiga rozi bo‘lish keng jamoatchilikning g‘azabini qo‘zg‘atadi – bu hukumatlar uchun chidab bo‘lmas xavf.

"Agar ular falastinliklarni etnik tozalashda ishtirok etishga va ularni qabul qilishga ko‘nsa, bu, shubhasiz, har ikki davlat uchun chinakam beqarorlikka olib keladi", dedi Vashingtondagi Tahrir Yaqin Sharq siyosati instituti direktori o‘rinbosari Timoti Kaldas.

“Ikkinchi Falastin Nakbasi”

Bahrayndagi Xalqaro strategik tadqiqotlar institutining Yaqin Sharq siyosati bo‘yicha katta ilmiy xodimi Hasan Alhasan esa Misr va Iordaniya hukumatlari "agar o‘z jamoatchiligi tomonidan ikkinchi Falastin Nakbasiga qanoatlanayotgandek ko‘rinsa, ichki muxolifatga qarshi kurashish"iga to‘g‘ri kelishini aytdi. Ekspert Isroilning yaratilishi davrida taxminan 700 000 falastinliklar tarixiy Falastindagi uylaridan qochgan yoki majburan haydab chiqarilgan 1948 yilga ishora qildi. O‘shanda Isroil ularga va ularning avlodlariga qaytishga to‘sqinlik qilib, qo‘shni mamlakatlardagi millionlab qochqinlarni fuqaroligisiz yoki doimiy joylashish istiqbolisiz qoldirgan.

"G‘azodagi falastinliklarning o‘z ixtiyori bilan chiqib ketish ehtimoli katta emasligini inobatga olsak, Misr yoki Iordaniyaga majburiy ko‘chish bu ikki davlat uchun turli ekzistensial tahdidlarni keltirib chiqaradi", dedi Alhasan.

Uning aytishicha, millionlab falastinliklar yashaydigan Iordaniya uchun o‘zgargan demografik holat "Hoshimiylar monarxiyasining hokimiyatga ega bo‘lishiga tahdid soladi" va moliyaviy jihatdan "Misr ham, Iordaniya ham millionlab qo‘shimcha qochqinlarni qabul qilishga qodir emas".

Misr va Iordaniya AQSHning Yaqin Sharqdagi eng yaqin ittifoqchilari va o‘nlab yillar davomida o‘z mintaqaviy siyosatini Qo‘shma Shtatlar manfaatlariga moslab kelgan AQSH yordamining asosiy oluvchilari. Ular Isroil bilan tinchlik shartnomasini imzolagan birinchi arab davlatlari bo‘lgan va keng jamoatchilikning noroziligiga qaramay, u bilan samimiy munosabatlarni, jumladan, xavfsizlikni muvofiqlashtirishni davom ettirgan.

Yevropa yetakchilik tarmog‘i tahlil markazining mojarolar bo‘yicha eksperti va “Disorder” podkastining boshlovchisi Jeyn Kinninmontning aytishicha, vaqt o‘tishi bilan Iordaniya va Misrning Vashingtondagi ta’siri Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari kabi Fors ko‘rfazi arab davlatlari tomonidan soyada qolgan. 

"Ko‘rish kerak bo‘lgan narsa – bu davlatlar Vashingtonga ommaviy ko‘chirish mojaroni yo‘qotmasligi haqida aniq xabar yuborishda qanchalik uzoqqa borishi. Mintaqa mamlakatlari uchun qochqinlar muammosi hozirgi mojaroning sabablaridan biri ekanligini va falastinliklarning qochqinga aylanishi buni hal qilmasligini ta’kidlashi muhim. Bu to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuvning markaziga borib taqaladi”, dedi Kinninmont.

Xavfsizlik tashvishlari

Urush davomida Iordaniya va Misr Isroil bilan aloqalarni uzish haqidagi ichki chaqiriqlarni rad etdi va Misr, Isroil va HAMAS o‘rtasida asosiy vositachilik rolini o‘ynadi. 2023 yil oktyabr oyida G‘azodagi falastinliklarni qo‘llab-quvvatlash uchun har ikki davlatda norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi, ko‘pchilik o‘z hukumatlarining Isroil bilan hamkorligidan noroziligini ko‘rsatdi.

Tahrir instituti xodimi Kaldasning aytishicha, Falastin aholisini ko‘chirishni qabul qilish ikki davlat uchun Amerika yordamini yo‘qotishdan ko‘ra qimmatroq bo‘ladi.

Misr va Iordaniya allaqachon ko‘plab qochqinlarni qabul qilmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo‘yicha agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar oyi holatiga ko‘ra, Misrda 877 ming qochqin va boshpana izlovchilar ro‘yxatga olingan.

May oyida Falastinning Qohiradagi elchisi Diab al-Luh urush boshlanganidan beri Misrga 100 mingga yaqin g‘azolik o‘tganini aytdi.

Iordaniyada 2,39 milliondan ortiq falastinlik qochqin BMTning falastinlik qochqinlar bo‘yicha agentligi UNRWA’da ro‘yxatga olingan.

"Agar ularning hududlari Isroilga qarshi hujumlar uchun maydonga aylansa, ikkala davlat ham xavfsizlik bilan bog‘liq muammolarga duch kelishi mumkin. Bu ularning Isroil bilan tinchlik shartnomasini yanada keskinlashtirishi mumkin. Tramp G‘azoni falastinliklardan "tozalash"ga harakat qilib, Isroilning o‘ta o‘ng qanot mutaassiblarining buyrug‘ini bajarmoqda. Ajablanarlisi shundaki, Trampning taklifi, agar u amalga oshsa, aslida o‘zini-o‘zi yo‘qqa chiqaradi. Misr va Iordaniyadagi beqarorlik islomiy siyosiy kuchlar, xususan, "Musulmon birodarlar"ga foyda keltiradi va ular AQSHga nisbatan kamroq do‘stona munosabatda bo‘ladi va HAMASga ko‘proq xayrixohlik qiladi", dedi Alhasan.

Ma’lumot uchun, 2023 yil oktyabr oyida boshlangan genotsid urushi tufayli G‘azo sektorining 2,4 million aholisining deyarli barchasi o‘z uylarini tashlab ketdi. Urush kamida 47 306 falastinlik, asosan ayollar va bolalarning hayotiga zomin bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, Isroil, Falastinning HAMAS harakati, AQSH va Qatar vakillari 16 yanvar kuni kechqurun Dohada G‘azo sektorida garovga olinganlarni ozod qilish va o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni rasman imzolagandi. 19 yanvar kuni sulh kuchga kirdi va kechqurun HAMAS birinchi asirlar guruhini ozod qildi. Ular uch nafar shaxsdan iborat bo‘lgan. Isroil esa 90 falastinlik mahbusni ozod qilgan. 25 yanvar kuni sulh kelishuvining birinchi bosqichi doirasida asir almashishning ikkinchi raundida G‘azo sektorida saqlanayotgan to‘rt nafar isroillik ayol evaziga Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan 200 nafar falastinlik ozod qilindi.

“The Washington Post” nashrining yozishicha, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu o‘ng qanot koalitsiyasidagi hamkorlariga HAMAS bilan sulhning birinchi bosqichidan so‘ng G‘azo sektorida harbiy operatsiyani qayta boshlashga va’da bergan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Misr Falastin Isroil Iordaniya G'azo deportatsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing