Xomanaiy kutilmagan bayonot berdi
Olam
−
17:14 13733 2 daqiqa
Eron Oliy rahnamosi Mujtabo Xomanaiy Eron AQSH va Isroil ustidan g‘alaba qozonganini ma’lum qildi hamda Tehronning raqiblarini mamlakat ichida nizo va bo‘linish urug‘ini sochishga urinishda aybladi. Uning bu haqdagi murojaatini “Euro news” keltirdi.
Xomanaiyning murojaati Tramp ma’muriyati Eron bilan olib borilayotgan muzokaralarda sezilarli yutuqlarga erishilganini bildirayotgan va AQSH Prezidenti Donald Tramp Mujtabo Xomanaiy bilan shaxsan uchrashish ehtimolini istisno qilmayotgan bir paytda e’lon qilingan.
Bugun, 4 iyun kuni Xomanaiy AQSH va Isroil bilan bo‘lgan urushda Eron g‘alaba qozonganini ta’kidlab, kutilmagan bayonot bilan chiqqan.
“Aziz Eron xalqiga shuni aytmoqchimanki, sizlarning qurolli kuchlar safidagi jasur farzandlaringizga qarshi kurashda mag‘lub bo‘lgan makkor dushman bugun nafaqat jang maydonida, balki jamoatchilik oldida ham chuqur va og‘ir tahqirni boshdan kechirmoqda. Shu sababli u turli hiyla-nayranglarga tayanmoqda”, degan Oliy rahbar.
Xomanaiyning kutilmagan bayonoti, ehtimol, tinchlik kelishuviga yaqinlashilayotganidan dalolat berishi mumkin. Ko‘rinishidan, u Eron xalqini bunga tayyorlar ekan, bir vaqtning o‘zida birdamlikni saqlashga ham chaqirmoqda.
“Taxminan 80 yil avval Isroil deb ataluvchi harbiy tayanchni yaratgan hukmron tizim Buyuk Isroil deb ataluvchi soxta va to‘qib chiqarilgan geografiyaning sharqiy chekkasida, ya’ni Furot daryosining sharqida joylashgan, ko‘plab ustunliklarga ega kuchli va mustaqil Eronning mavjudligini qabul qilmaydi”, deya qo‘shimcha qilgan Xomanaiy.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron Oliy rahbari Mujtabo Xomanaiy bilan ehtimoliy uchrashuv haqida ma’lum qilgandi va Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan bo‘lib o‘tgan keskin suhbatni tasdiqlagandi. AQSH Prezidentining so‘zlariga ko‘ra, 56 yoshli Mujtabo Xomanaiy Erondagi muhim qarorlarni qabul qilishda ishtirok etadi va mamlakatda katta hurmatga ega.
Live
Barchasi