G‘azoda 11 oylik chaqaloq ochlik qurboni bo‘ldi

Olam

image

G‘azo markazidagi Nuseyrat qochqinlar lagerida yashagan 11 oylik falastinlik chaqaloq to‘yib ovqatlanmaslik va zarur dori-darmonlar yetishmasligi oqibatida vafot etdi. Bu haqda G‘azodagi Sog‘liqni saqlash vazirligiga tayanib, “Anadolu” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, G‘azo sektorining markaziy qismida joylashgan Nuseyrat qochqinlar lageridan bo‘lgan Uday Ahmed ismli 11 oylik bola gumanitar falokat qurboni bo‘lgan. Onasi Esma Haydar o‘g‘lini “Aqsa” shifoxonasiga olib kelgan va chaqaloq o‘sha yerda vafot etgan. Bolani to‘g‘ridan to‘g‘ri shifoxonada o‘tkazilgan janoza namozidan keyin dafn qilishgan.

Esmaning so‘zlariga ko‘ra, G‘azoda na oziq-ovqat, na dori-darmon bor, bolalar har kuni vafot etmoqda.

“Biz ochlik, vayronagarchilik va yopiq chegaralardan aziyat chekmoqdamiz. Hatto dori-darmon topishning ham iloji yo‘q”, degan chaqaloqning onasi.

Shuningdek, Esma arab davlatlarini harakatsizlikda ayblab, urushni zudlik bilan to‘xtatishga va gumanitar yordam yetkazishga chaqirgan.

G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi boshqarma boshlig‘i Muner Abdulloh al-Barsh bolaning o‘limiga ochlik va davolanish imkoniyati yo‘qligi sabab bo‘lganini tasdiqlagan. U fojia Isroilning gumanitar yordam yetkazib berishni to‘sib qo‘ygani natijasi ekanligini ta’kidlab, ushbu cheklovlarni zudlik bilan bekor qilishga chaqirgan.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 2 mart kunidan beri Isroil G‘azoga insonparvarlik yordami yetkazilishini butunlay to‘sib qo‘ydi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, joriy qamal davri 2023 yil 7 oktyabrda mojaro boshlanganidan beri eng og‘ir davr bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil yanvar oyida Isroil va HAMAS Misr, Qatar hamda AQSH vositachiligida o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida kelishuv imzolagan edi. Biroq Isroil 18 mart kuni G‘azo sektoriga zarbalar berishni qayta boshladi. Ushbu qaror HAMAS Isroil asirlarini ozod qilishdan bir necha bor bosh tortgani va barcha takliflarni rad etgani sababli qabul qilingani bilan izohlandi.

20 mart kuni esa Isroil G‘azo sektorining markazi va janubida quruqlikdagi harbiy operatsiyalarni ham qayta boshladi. Armiyaning asosiy vazifalari sifatida “xavfsizlik hududini kengaytirish” va “eksklavning shimoli va janubida qisman bufer zonasini yaratish” qayd etilgan. Bundan tashqari, armiya “Golan” brigadasini Isroil janubiga joylashtirishga qaror qilgan. Harbiylar “G‘azo sektoridagi operatsiyalar uchun to‘liq jangovar tayyorgarlik holatida” qolishi ma’lum qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil G'azo Nuseyrat

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing