Polsha Ukraianaga NATO kuchlarini kiritishni taklif qildi

Olam

image

Polshada hukmron “Qonun va adolat” partiyasi yetakchisi, respublika Bosh vaziri o‘rinbosari Yaroslav Kachinskiy Ukrainaga NATOning qurolli tinchlikparvar missiyasini yuborishni taklif qildi. Bu haqda kecha, 15 mart kuni Kiyevda mamlakat rahbariyati bilan muzokaralar yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan brifingda ma’lum qildi. 

“O‘ylaymanki, bizga NATOning tinchlikparvarlik missiyasi yoki, ehtimol, o‘zini himoya qila oladigan, shu davlat Prezidenti va hukumati roziligi bilan Ukraina hududida faoliyat yuritadigan kengroq tarkibdagi missiyasi kerak. Bu qurolsiz missiya bo‘lmaydi. U tinchlikka xizmat qiladi, insonparvarlik yordamini olib yuradi. Shuningdek, tegishli kuchlar, qurolli kuchlar ham himoya faoliyatini davom ettiradi", deydi siyosatchi

Kachinskiy ning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina, Yevropa va butun demokratik dunyo hozir zudlik bilan ushbu qarorga muhtoj. 

"Gap amallar va bu yerda juda zarur bo‘lgan narsa – jasorat haqida ketmoqda. Afsuski, jasorat ko‘pincha yetishmaydi", deya qo‘shimcha qildi u. 

Bosh vazir o‘rinbosari Kiyevga Polsha, Sloveniya va Chexiya Bosh vazirlari bilan poyezdda yetib keldi. Ular Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashdi. 

Bu delegatsiya Yevropa Ittifoqi vakili ekanligi ma’lum qilindi. Varshavada xabar qilinganidek, tashrifdan maqsad butun Yevropa Ittifoqining Ukraina suvereniteti va mustaqilligini so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashini tasdiqlash, shuningdek, Ukraina davlati va jamiyatiga keng ko‘lamli yordam paketini taqdim etishdan iborat.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

18

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing