Polsha Prezidenti samolyotlarini Ukrainaga nega jo‘natmayotganini aytdi

Olam

image

Polsha Ukrainadagi mojaroda ishtirok etmaydi va u yerga o‘z samolyotlarini yubormaydi. Bu haqda Polsha Prezidenti Anjey Duda ma’lum qildi. 

"Biz (Ukrainaga - tahr.) samolyotlarimizni jo‘natmaymiz, aks holda bu NATOning mojaroga qo‘shilishi degani bo‘lardi. NATO mojaroda ishtirok etmaydi. Bizning samolyotlarimiz hozirda Ukrainada uchmayapti", deydi Duda.

Aytish joizki, Ukraina harbiy-dengiz kuchlarining  Facebook'dagi sahifasida Bolgariya, Polsha va Slovakiya Ukrainaga 70 ta MiG-29 va Su-25 jangovar samolyotlarini jo‘natishi haqida xabar bergan. 

Joriy yilning 27 fevral kuni esa Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel YeI Ukrainaga e’lon qilingan harbiy yordam doirasida boshqa narsalar qatori jangovar samolyotlar yetkazib berish niyatida ekanini aytgan.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.

Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.

Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.


Maqola muallifi

Teglar

Ukrainaga bosqin Rossiiya-Ukraina urushi

Baholaganlar

120

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing