Pokiston Oliy sudi Imron Xonni ozod etdi va uni hibsga olishni taqiqladi
Olam
−
12 may 2023
5980Islomobod Oliy sudi har qanday yangi ish bo‘yicha Pokiston sobiq bosh vaziri Imron Xonni ikki haftaga garov evaziga ozod qildi va 17 maygacha hibsga olishni taqiqladi. Bu haqda bugun, 12 may kuni “Geo-TV” telekanali xabar berdi.
“Islomobod Oliy sudi Imron Xonni ikki haftaga garov evaziga ozod qilganidan bir necha daqiqa o‘tib, rasmiylarga 9 maydan keyin qo‘zg‘atilgan har qanday ish bo‘yicha ham sobiq bosh vazirni 17 maygacha hibsga olishni taqiqladi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Xon 1 may kuni chiqarilgan hibsga olish orderi asosida 9 may kuni hibsga olingandi. U Al-Qadeer Trust orqali korrupsiya va pul yuvishda ayblangandi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, siyosatchi bosh vazirlik yillarida ma’lum bir ko‘chmas mulk kompaniyasidan Buyuk Britaniyadan olingan 175,5 million dollarga yaqin mablag‘ni qonuniylashtirgan. Xonning hibsga olinishi mamlakatning bir qator yirik shaharlarida, jumladan, poytaxtda ommaviy noroziliklarga sabab bo‘ldi. Namoyishchilar buzg‘unchilikka qo‘l urgan va huquq-tartibot idoralari xodimlari bilan to‘qnashgan. Kecha, 11 may kuni Pokiston Oliy sudi Xonning hibsga olinishini noqonuniy deb topgan va uni hibsdan ozod qilishga buyruq bergan. Biroq sobiq bosh vazirga uyiga qaytishga ruxsat berilmagandi. Unga 12 may kuni yana sudga kelish uchun sud yaqinidagi mehmonxonaga borish va shu yerda tunash buyurilgandi.
LiveBarchasi