Peskov Rossiya qachon urushni to‘xtatishini ma’lum qildi
Olam
−
07 mart 2022
21124Rossiya Ukrainadan harbiy faoliyatini to‘xtatishni, konstitutsiyaviy ravishda neytral maqomini ro‘yxatdan o‘tkazishni, Qrimni Rossiyaning bir qismi sifatida tan olishni, shuningdek, Donetsk va Lugansk xalq respublikalari mustaqilligini talab qilmoqda. Bu haqda Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov bugun, 7 mart kuni “Reuters” agentligiga bergan intervyusida aytib o‘tdi va bu holatda Rossiya Federatsiyasining harbiy amaliyoti istalgan vaqtda to‘xtatilishi mumkinligini ta’kidladi.
“Ular o‘z konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritib, Ukraina har qanday blokka qo‘shilish maqsadini rad etishi kerak. Biz Qrim Rossiya hududi ekani, Donetsk va Luganskni mustaqil davlat sifatida tan olishlari haqida ham gapiryapmiz. Hammasi shu. U [urush] istalgan vaqtda to‘xtashi mumkin”, deydi Peskov materialni ingliz tilida chop etgan agentlikka bergan izohida.
Peskovning qayd etishicha, ushbu takliflar Kiyevga ham yetkazilgan va agar ular talablarni bajarsa, qurolli hujum istalgan vaqtda to‘xtaydi.
Kreml vakili Rossiya Kiyevga yangi hududiy talablar qo‘yish niyatida emasligini bildirgan.
“Biz haqiqatda Ukrainani demilitarizatsiya qilishni yakunlaymiz. Biz uni yakunlaymiz. Lekin eng muhimi, Ukraina harbiy harakatlarini yakunlashi kerak. Ular harbiy harakatlarini yakunlashlari shart, keyin esa hech kim o‘q uzmaydi”, deya qo‘shimcha qilgan Peskov.
Eslatib o‘tamiz, Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi muzokaralarning uchinchi raundi bugun, 7 mart kuni Kiyev vaqti bilan soat 16:00 (Toshkent vaqti bilan 19:00)ga belgilangan.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi