Pentagon Ukraina uchun zamonaviy raketa majmuasi sotib olishga 182 mln dollar sarfladi

Olam

image

Pentagon qurol ishlab chiqaruvchi Raytheon kompaniyasi bilan Ukraina uchun NASAMS (Norvegiyaning “yer-havo” tipidagi takomillashtirilgan raketa majmuasi) qisqa va o‘rta masofaga mo‘ljallangan zenit-raketa majmuasini sotib olish bo‘yicha 182 million dollarlik shartnoma imzoladi. Bu haqda kecha, 26 avgust kuni AQSH Mudofaa vazirligi xabar berdi.

“Raytheon kompaniyasi bilan NASAMS tizimlarini sotib olish uchun 182 mln 295 ming 333 AQSH dollari miqdoridagi qat’iy narx shartnomasini tuzildi. Majmualarni ishlab chiqarishni taxminiy yakunlash sanasi 2024 yil 23 avgust”, deyiladi xabarda.

Unda qayd etilishicha, to‘lov avvalroq Ukraina xavfsizligini ta’minlash tashabbusiga ajratilgan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.

Ma’lumot o‘rnida, avvalroq Ukraina Mudofaa vaziri maslahatchisi Yuriy Sak uning mamlakatiga Amerikaning eski A-10 Warthog hujumchi samolyoti kerak emasligini aytgan edi. Buning o‘rniga Kiyev  F-16 kabi zamonaviyroq samolyotlarni olishni kutmoqda. “Military” harbiy internet portaliga ko‘ra, Pentagon vakillari A-10 hujumchi samolyotlarini Kiyevga o‘tkazish imkoniyatini istisno etmagan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.

Farangiz Salimova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

41

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing