“Payi qirqilgan” seriallar, bo‘shatilgan “hasharchi” hokim, qimmatlayotgan gaz, “svet”va boshqa xabarlar
Jamiyat
−
31 iyul 2019
5876Yakuniga yetayotgan 31 iyulning eng muhim voqelarining qisqa tafsiloti.
Prezident odam savdosi va majburiy mehnatga oid farmonni imzoladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Quyida farmonning to‘liq matni bilan tanishing.
Mirziyoyev aytgan qo‘mita tuzildi
Mamlakatda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, munosib turmush va mehnat sharoitlarini yaratish, tadbirkorlik tashabbuslarini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik, shuningdek bu borada amalga oshirilayotgan islohotlarning borishi ustidan tizimli parlament nazoratini amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida” gi Qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tashkil etildi.
Serblar rus quroliga qoyil qoldi
Serbiya Prezidenti Aleksandar Vuchich va mamlakatning boshqa rasmiylari Rossiyadan harbiy texnikalarni topshirish marosimida ishtirok etib, bepul yetkazib berilgan texnikalar uchun o‘z minnatdorliklarini bildirdi. Serbiya rahbari shuningdek, yil oxiriga qadar Rossiyadan mamlakatga yana 7 ta vertolyot va 10 ta tank kelishini aytdi.
15 avgustdan gaz va elektr energiyasi qimmatlashadi
O‘zbekistonda 15 avgustdan jamoat transportlarida yo‘l haqi, elektr energiyasi va gaz tariflari qimmatlaydi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 30 iyuldagi “Yoqilg‘i-energetika resurslarining narx va tariflarini o‘zgartirish to‘g‘risida”gi qarorida ko‘zda tutilgan.
Tabiiy gazning (1 kub/m uchun) narxi hisoblagich bo‘lgan taqdirda, 380 so‘mni (hozirda 320 so‘m) tashkil qiladi. Hisoblagich yo‘q bo‘lsa, ovqat tayyorlash va issiq suv ta’minoti uchun 1 kub/m narxi 660 so‘m bo‘ladi (hozirda 553 so‘m).
Rishtondagi “hashar”dan keyin tuman hokimi o‘zgardi
Farg‘ona viloyati Rishton tumani hokimi Tavakkaljon Rahimov egallab turgan lavozimidan ozod qilindi. Tuman Xalq deputatlari kengashining navbatdan tashqari sessiyasida shu to‘g‘rida qaror chiqarildi.
Sessiya ishida tashkilish masaladan tashqari, tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalasi faollar ishtirokida tanqidiy-tahliliy muhokama qilindi.
Olma-otada halok bo‘lgan va qo‘lga olingan o‘zbekistonliklar haqida ma’lumot berildi
Avvalroq, Qozog‘istonning Olma-ota viloyati Uyg‘ur tumanida O‘zbekiston fuqarosi o‘z vatandoshini o‘ldirishda ayblanib qo‘lga olingani haqida xabar bergan edik.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Qozog‘istonda halok bo‘lgan va qo‘lga olingan o‘zbekistonliklar haqida ma’lumot berdi.
Milliy aviakompaniya qator samolyotlarini sotuvga qo‘ydi
Ijtimioiy tarmoqlarda “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi o‘ziga tegishli sakkizta samolyotni sotayotgani ularning ikkitasi Dreamliner ekani haqida xabarlar tarqaldi. “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK tarqalgan xabarlarga rasmiy munosabat bildirib, ularga aniqlik kiritdi.
Ma’lum qilinishicha, samolyotmotor parkini unifikatsiyalash va takomillashtirish doirasida, shuningdek ekspluatatsiya harajatlarini kamaytirish maqsadida, xizmat muddati 15 yildan ortiq bo‘lgan havo kemalarini sotish taklif etildi.
Temir yo‘l, pochta va banklar sotilishi e’lon qilindi
Ukraina Prezidenti devoni rahbarining o‘rinbosari Aleksey Goncharuk birinchi navbatda amalga oshirilishi rejalashtirilgan iqtisodiy islohotlar haqida gapirdi. Goncharukning so‘zlariga ko‘ra, Zelenskiy temir yo‘l transporti, pochta va banklarni shaxsiy qo‘llarga topshirmoqchi. “Banklarni birinchi navbatda sotish kerak.
Toshkentda yirik yong‘in yuz berdi
Bugun, 31 iyul kuni Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanidagi ishlab chiqarish sexida yong‘in sodir bo‘ldi. Yong‘in soat 11:09 da Buyuk ipak yo‘li ko‘chasi 14a-uy, Mirzo Ulug‘bek kichik sanoat zonasi xududida joylashgan armatura ishlab chiqarish sexining transformator podstanitsyasi va uning moylari 250 kv m maydonida yongan.
O‘n kunlik kelinchakni ayovsiz kaltaklagan erga sud hukmi o‘qildi
Samarqandda ijtimoiy tarmoqlarda katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan voqelik bo‘yicha aybdorga sud hukmi o‘qildi. Voqea Bulung‘ur tumani, “Mingtepa” mahallasi, “Tinchlik” qishlog‘ida ro‘y bergan.
Gap shundaki, 1982 yilda tug‘ilgan K.G. joriy yilning 18 may kuni 1988 yimlda tug‘ilgan Z.U. bilan shar’iy turmush quradi. Oradan 12 kun o‘tib, 30 may kuni K.G. mast holatda o‘zaro kelishmovchilik sabab turmush o‘rtog‘i Z.U.ni onasi G.G.ning oldiga sochidan tortib boradi. G.G. ularni ajratishiga qaramasdan, K.G. turmush o‘rtog‘ini qo‘llari va oyoqlari bilan o‘ta shafqatsizlarcha tanasining turli joylariga bir necha marotaba qasddan urib “o‘rtacha og‘ir tan jarohati” yetkazgan.
Qoyilmaqom! Abituriyentlar endi raqobatchilarining balini onlayn ko‘rishi mumkin
Oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayoni bu yil yangiliklarga boy bo‘lgandi. Imtihonlar davomida ham yangi qulayliklar yaratish davom etyapti. Davlat test markazi o‘tkazilgan test sinovlari javobini ochiq ko‘rish imkoniyatini yaratdi. Endilikda abituriyent faqatgina o‘zi to‘plagan balni emas, balki raqobatchilari to‘plagan ballarni ham kuzatib borishi mumkin.
O‘zbekistondagi telekanallarda chet el seriali sutkada bir marta qo‘yilishi belgilandi
O‘zbekistondagi nodavlat telekanallarda endi bir sutkada faqatgina bir marta xorijiy mamlakatlarda ishlab chiqarilgan seriallar namoyish etiladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov imzolagan hujjatda aytilgan, deb xabar bermoqda QALAMPIR.UZ manbasi.
“Tonirovka” masalasida Hukumat qarori qabul qilinishi kutilyapti
Bir necha kundirki, ijtimoiy tarmoqlarda avtomobil oynalari tusini o‘zgartirish bo‘yicha yangicha tartib o‘rnatilishi va bu borada tegishli hujjat loyihasi tayyorlanayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur xabarlarga aniqlik kiritish uchun O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi Matbuot kotibi bilan bog‘landik.
U “tonirovka” masalasida o‘zgarish bo‘lishini, yangi qaror loyihasi ustida ish olib borilayotganini ma’lum qildi. Biroq loyihaning tafsilotlari haqida yetarli ma’lumotlarga ega emasligini bildirdi.
Yulduz Usmonova Janubiy Koreyadagi klinikaga ketdi
O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova Janubiy Koreyaga yo‘l oldi. Bu haqda uning o‘zi ijtimoiy tarmoqlar orqali xabar bergan.
Yulduz Usmonova Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportining CIP kutish zalidan videomurojaat yo‘llarkan, turmush o‘rtog‘i Mansur Agaliyev bilan o‘zini tekshirtirgani Koreyadagi klinikaga yo‘l olganini aytadi. Usmonova qanday sabab bilan klinikaga murojaat qilganini ochiqlamagan. Shunchaki, o‘zini tekshirtirgani ketayotganini aytgan, xolos.
LiveBarchasi