“Ozodlikni o‘chirib tashlaydigan bombalar yo‘q”. Zelenskiy xalqiga murojaat yo‘lladi

Olam

image

Ozodlikni o‘chirib tashlaydigan bombalar yo‘q, o‘ziga ishongan xalqning irodasini sindiradigan raketalar ham bo‘lmaydi. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat Mustaqilligining 31 yilligi munosabati xalqiga yo‘llagan murojaatida aytib o‘tgan. 

“Hurmatli ukrainaliklar!

Ukraina Mustaqillik kuni nihoyasiga yetmoqda. Lekin mustaqilligimiz tugamadi va tugamaydi ham. Mustaqilligimizning 32-chi, 33-yillari va umuman Yerda hayot qancha davom etsa shuncha bo‘ladi. Ukraina – abadiy. Va har kuni faqat kuchliroq bo‘ladi. Va buni dunyodagi hamma tushunyapti – Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xavfsizlik Kengashidan tortib, istisnosiz barcha poytaxtlargacha.

Shuning uchun biz o‘z yo‘limizdan chekinmaymiz, kurashamiz, bizni qo‘llab-quvvatlayotgan barchaga minnatdorlik bildiramiz, davlatimiz uchun g‘amxo‘rlik qilamiz, birdamligimizni – olti oy davomida har kuni bo‘lganidek birdamligimizni saqlab qolamiz. Va hech qanday dushman bizni mag‘lub eta olmaydi. Ozodlikni o‘chirib tashlaydigan bombalar yo‘q, o‘ziga ishongan xalqning irodasini sindiradigan raketalar ham bo‘lmaydi.

Chaplino bizning bugungi dardimiz. Shu tariqa – 22 kishi halok bo‘ldi, ulardan besh nafari mashinada yondi, o‘smir vafot etdi, u 11 yoshda edi, rus raketasi uning uyini vayron qildi.

Temir yo‘l vokzalida qidiruv-qutqaruv ishlari davom etadi. Biz, albatta, bosqinchilarni qilgan barcha ishlari uchun javob beramiz. Bosqinchilarni yurtimizdan quvib chiqaramiz. Bizning erkin Ukrainada bu yovuzlikdan bironta ham dog‘ qolmaydi. Keling, g‘alaba sari boraylik! U bo‘ladi!”, deydi Zelenskiy murojaatda.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 24 avgust kuni Rossiya Ukrainaning Dnepropetrovsk viloyatidagi Chaplino vokzaliga raketa hujumi uyushtirdi. Oqibatda hozirgacha 22 kishi qurbon bo‘ldi. Shuningdek, 50 ga yaqin odam jarohatlangan. Qurbonlar orasida shuningdek, 6 yashar bola ham bor.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

7

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing