“Ommani o‘ziga qaratgani uchun” 15 sutka – Kusherboyev sudning G‘aniyev ustidan chiqargan qarori ustidan kuldi

Jamiyat

image

Avvalroq, ichki ishlar organlari xodimlarini haqorat qilgani uchun hibsga olingan bloger Bobur G‘aniyev 15 sutkaga qamalgani haqida xabar bergan edik.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev Bobur G‘aniyev va uning sheriklariga nisbatan chiqarilgan sud qarori yuzasidan mulohazalarini bildirib, sudyaning “ommani o‘ziga qaratganligi uchun” degan aybloviga e’tbor qaratdi.

“Fuqaro Bobur G‘aniyev (bloger) va boshqa shaxslarni Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi sud’yasi ular “ommani o‘ziga qaratganligi uchun” 15 sutka qamoq jazosi tayinlaganini bildirdi.

Bunday asos bilan jazo belgilash O‘zbekiston qonunchiligida yangilik, menimcha”, deydi Kusherboyev.

U so‘zida davom etib, blogerga qo‘yilgan ayblov bo‘yicha asoslar zaif ekaniga, shunga qaramay sud fuqaro foydasiga emas, tizim foydasiga qaror chiqarganini urg‘ulab, shunday deydi:

“Kuzatishimizcha, asoslar zaif va zo‘rma-zo‘raki bo‘lsa-da, sud yana tarozi pallasini birdek ushlay olmadi: tizimga yon bosdi. Aslida o‘z ishiga chinakam sadoqatli sud’yalar fuqaroning aybdorlik darajasi 50/50 bo‘lganda ham fuqaro oqlanishi kerak, deyishadi.

Fuqaro ham “oppoq” emas, muomalasi qo‘polligi ko‘rinib turibdi. Bu asabga tegsa ham qonunbuzarlik emas, biz bunday jazoga loyiq uning birorta  harakatini negadir ko‘rmadik”.

Kusherboyev ommaning e’tiborini o‘ziga jalb qilayotgan boshqalarning ahvoli ne kechadi, saylov arafasida partiya va nomzodlar omma e’tiborini qozonishga urinadiku, deya savol qo‘ygan.

“Shu o‘rinda boshqa narsa odamni o‘ylantirayapti: ommani o‘ziga qaratgani uchun, deb blogerku 15 sutkaga qamaldi.

Biroq har kuni ommani o‘ziga qaratayotgan boshqalarning  ahvoli endi ne kechadi? Masalan, saylovoldi siyosiy partiyalar va nomzodlar qanchalab omma e’tiborini o‘zlariga qaratishayapti. Bu ularning ishi aslida. “Da” buyog‘i chatoq!”, deydi deputat.

U insonlar taqdiri va hayotiga ta’sir ko‘rsatishdek  mas’uliyatli ishga e’tiborsiz yondoshib, noo‘rin asoslar bilan qaror qilish mana shunday kulgili oqibatlar keltirib chiqarishi mumkinligini ta’kidlagan.

“Shu bois, inson huquqlarini himoya qilishni o‘zlarining muqaddas vazifasi, deb bilgan hurmatli sud’ya va boshqalar qonunlarimizning adolatiga ishongan oddiy fuqarolarga qarshi asos keltirishda yanada e’tiborli, halol va pok bo‘ladilar, deb umid qilamiz.

Ungacha esa ommadan menga e’tibor qaratmasliklarini so‘rayman. Tag‘in kim bilsin...”, deya so‘zini yakulagan deputat Kusherboyev.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 1 oktyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda bloger Bobur G‘aniyevning Ichki ishlar organlarida yerda o‘tirgani aks etgan video va suratlar tarqalgan edi. Poytaxt IIB mazkur suratlar ortidan ko‘tarilgan shov-shuvlardan so‘ng, bloger bilan bog‘liq holat yuzasidan bayonot berdi. 

Unda qayd etilishicha, 30 sentyabr kuni taxminan soat 23:30 da Uchtepa tumani “Farhod” bozori ro‘parasida o‘tkazilayotgan “Xavfsiz poytaxt” profilaktik tadbiri davomida Toshkent shahar IIBB YHXB YPX inspektorlari tomonidan Epica rusumli davlat raqami 01 U 909 BB bo‘lgan avtomashina to‘xtatilgan.

Transport vositasi haydovchisi 1993 yilda tug‘ilgan Abror Kozubayevning (internet tarmog‘ida “Abror bloger” nomi bilan tanilgan) hujjatlari tekshirilgan. Shu jarayonda Epica rusumli avtomashinada yo‘lovchi sifatida o‘tirgan 1987 yilda tug‘ilgan Bobur G‘aniyev (internet tarmog‘ida “Avtobloger Bobur G‘aniyev” nomi bilan tanilgan) YPX inspektorlarini haqorat qilib, janjal ko‘targan. IIO xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan jamoat tartibini buzgan. Shundan so‘ng transport vositasining haydovchisi Abror Kozubayev, yo‘lovchilari Bobur G‘aniyev va O.Salimov Uchtepa tumani IIO FMBga olib borilgan.

Holat yuzasidan hujjatlarni rasmiylashtirish va tekshiruv o‘tkazish jarayonida Bobur G‘aniyevning shaxsiy uyali telefon apparatida pornografik mazmundagi qonunda taqiqlangan videomateriallar va fotosuratlar borligi aniqlangan.

Keyinroq, Toshkent shahar IIBB Matbuot xizmati rahbari Nilufar Isaxonova QALAMPIR.UZ jurnalistni Feruza Najmiddinova bilan suhbatda IIBga olib kelingan bloger Bobur G‘aniyevning yerda o‘tirgan holatda so‘roq qilinayotgani aks etgan foto va videomateriallarni tarqatgan xodimlarga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlanganini ma’lum qildi.

Bobur G‘aniyevning jiyani Azamat Abdujabborov QALAMPIR.UZ jurnalisti bilan suhbatda akasining oldiga yaqinlari va advokati kiritilmayotganini aytdi. Blogerning advokati Sadriddin Abubakirov esa mijozi bilan uchrashishi kerakligini, bu qonunga zid ekanini ta’kidladi. Advokat blogerga qarshi ochilgan ish “zakaznoy” ekanini ham aytib o‘tdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rasul Kusherboev

Baholaganlar

439

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing