Olimpiadaning uchinchi kuni o‘zbekistonlik sportchilar qanday natija qayd etdi?

Sport

image
0:00
0:00
download

XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlarining 3-kuni O‘zbekiston delegatsiyasi uchun omadsiz yakunlandi. Bugun, 26 iyul kungi bellashuvlarda birorta medal qo‘lga kiritilmadi va o‘zbekistonlik sportchilar quyidagi natijalarni qayd etishdi:

Qilichbozlik: Qilichbozlikning sablya yo‘nalishida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Zaynab Dayibekova vengriyalik Anna Martonga qarshi supachaga chiqdi va 11:15 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Ta’kidlash joizki, Dayibekova chorak finalga qadar Osiyoning eng kuchli uch nafar qilichbozlarini mag‘lub etishni uddaladi.

Boks: Rio-2016 Olimpiadasi g‘olibi Shahobiddin Zoirov (-52 kg) o‘z chempionligini himoya qilishni boshladi. Buxorolik bokschi turkiyalik Batuxan Chiftchini 5:0 hisobida mag‘lub etdi.

Taekvondo: Nigora Tursunqulova (-67 kg) ilk bosqichda xitoylik Jang Mengyuga qarshi dayanga chiqdi va mag‘lubiyatga uchradi. Asosiy vaqt 9:9 hisobi bilan yakunlangach, g‘olib qo‘shimcha bo‘limda aniqlandi. “Oltin ochko” uchun kechgan bahsda xitoylik taekvondochi ustun keldi. Agar Mengyu finalga qadar yetib borganida Tursunqulovada bronza medali uchun kurashish imkoniyati paydo bo‘lar edi.

Dzyudo: Dzyudo bo‘yicha -73 kg vazn toifasida O‘zbekiston nomidan ishtirok etayotgan Hikmatilloh To‘rayev nimchorak finalda o‘z ishtirokini yakunladi. U chorak final ostonasida janubiy koreyalik An Changrimga “vazari” bahosi evaziga mag‘lub bo‘ldi.

Taekvondo: -80 kg vazn toifasida ishtirok etgan Nikita Rafalovich Olimpiya o‘yinlarida 5-o‘rinni egalladi. U Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlari bronza medali uchun xorvatiyalik Toni Kanayetga qarshi bahs olib bordi. Kanayet ushbu bahsda 24:18 hisobida Rafalovich ustidan g‘alaba qozondi. 

Boks: -75 kg vazn toifasida Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etayotgan o‘zbekistonlik Fanat Qahramonov gruziyalik bokschi Giorgi Xarabadzega qarshi ringga ko‘tarilib, g‘alaba qozondi. Gap shundaki, ikkinchi raundga kelib Xarabadze jangni davom ettira olmasligi ma’lum bo‘ldi. Bu vaqtgacha Fanat Qahramonov ochkolar bo‘yicha oldinda borayotgan edi.

Og‘ir atletika: Tokio Olimpiadasining -55 kg vazn toifasidagi ayollar bellashuvida ishtirok etgan o‘zbekistonlik Muattar Nabiyeva dast ko‘tarish bahslarida Olimpiya rekordchisiga aylandi. Biroq yakunda medallardan quruq qoldi.


 
Nabiyeva dast ko‘tarish bahslarida 98 kg og‘irlikdagi toshni o‘ziga bo‘ysundirdi va bu Olimpiada rekordi sifatida qabul qilindi. Siltab ko‘tarishda faqatgina bir urinishdan unumli foydalangan Nabiyeva 114 kg va umumiy hisobda 212 kg og‘irlikdagi toshni ko‘tardi. Bronza medal uchun unga atigi 1 kg natija yetmay qoldi.

Shu tariqa Olimpiadaning 3-kuni O‘zbekiston terma jamoasi uchun medallarsiz yakunlandi. Bokschilar: Shahobiddin Zoirov va Fanat Qahramonov nimchorak finalda o‘z yurishlarini davom ettiradi.


Maqola muallifi

Teglar

Dzyudo Boks Shahobiddin Zoirov Tokio-2020 Og'ir atletika Qilichbozlik Fanat Qahramonov Taekvondo Nigora Tursunqulova Zaynab Dayibekova Nikita Rafalovich Hikmatilloh To'raev Muattar Nabieva

Baholaganlar

426

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing