Olimpiadaning beshinchi kuni o‘zbekistonlik sportchilar qanday natija qayd etdi?

Sport

image

Olimpiya o‘yinlarining 5-kunida dzyudo bo‘yicha Jahon chempionati sovrindori Davlat Bobonovning g‘alabasi evaziga O‘zbekiston delegatsiyasi hisobi bronza medal bilan boyidi. Boks bahslarida esa, hakamlar tomonidan yo‘l qo‘yilgan xato sababli Jahon chempioni Mirazizbek Mirzahalilov musobaqani tark etdi.

Dzyudo: 2020 yil O‘zbekistonning eng yaxshi sportchisi nomiga sazovor bo‘lgan dzyudochi Davlat Bobonov Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarining bronza medalini qo‘lga kiritib, O‘zbekiston delegatsiyasiga ikkinchi medalni taqdim qildi.

- 90 kg vazn toifasida kurashgan sportchi ushbu bosqichda turkiyalik Mixael Zgankka qarshi tatamiga chiqdi. G‘alabaga bo‘lgan ishtiyoq va shijoat Bobonovni medal sari yetakladi. Uning ijrosidagi usul “ippon” (halol bahosi) bilan baholandi va ushbu g‘alaba Bobonovning sovrinlari jamg‘armasiga Olimpiada medalini ham qo‘shib qo‘ydi.

Tokio Olimpiadasining 5-kun bahslariga start berildi. O‘zbekiston sportchilarining bugungi ishtirokini -70 kg vazndagi dzyudochi Gulnoza Matniyozova boshlab berdi. U ilk bosqichda Chad Respublikasi vakili Demos Memnelumni bir necha soniya ichida mag‘lubiyatga uchratdi.

Biroq, ikkinchi bellashuv kutilganidek, Matniyozova uchun qiyin o‘tdi. Sportchi joriy yil Vengriyada o‘tkazilgan jahon chempionatining bronza medali sovrindori, ikki karra Yevropa chempioni, “Masters”, “Katta Dubulg‘a”, Gran-pri turnirlari g‘olib va sovrindori, niderlandiyalik Sanne Van Dijkega imkoniyatni boy berib qo‘ydi va Olimpiadadagi ishtirokini yakunladi.

Boks: Boks bo‘yicha -57 kg vazn toifasida Osiyo va Jahon chempioni Mirazizbek Mirzahalilov Tokio Olimpiadasining ilk davrasida mag‘lubiyatga uchradi. U Yevropa chempioni hisoblangan irlandiyalik Entoni Uolkerga qarshi ringga ko‘tarilib, hakamlarning qaroriga ko‘ra imkoniyatni boy berdi. 

Mirzahalilov bahs davomida katta ustunlikka erishganiga qaramay, dastlabki ikki raund Uolker foydasiga “hal qilindi”, jangni esa faqatgina nokaut evaziga qutqarib qolish mumkin bo‘lib qoldi. Biroq referi, hatto, nokdaun holatini ham qayd etmadi. Tabiiyki, so‘nggi raund faqatgina rasmiyatchilikka aylanib qoldi va O‘zbekiston delegatsiyasi potensial oltin medaldan mahrum bo‘ldi.

Boks bo‘yicha -81 kg vazn toifasida Tokio Olimpiadasida ishtirok etayotgan Dilshodbek Ro‘zmetov nimchorak finalda imkoniyatni boy berdi. 

Xorazmlik bokschi asli kelib chiqishi kubalik bo‘lgan Ozarbayjon vakili Alfonso Domingesga qarshi ringga chiqdi va 1:4 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Osiyo chempioni va Jahon chempionati kumush medali sohibi hisoblangan xorazmlik bokschi shu tariqa Olimpiada bilan xayrlashdi.

Ma’lumot o‘rnida, 25 iyul kuni o‘tkazilgan -68 kg vazn toifasidagi taekvondo bahslarida Ulug‘bek Rashidov Olimpiada chempionligini qo‘lga kiritgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Dzyudo Boks Tokio-2020 Mirazizbek Mirzahalilov Davlat Bobonov Bronza medal'

Baholaganlar

358

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing