Oq uy 500 nafar rossiyalik amaldorga cheklov joriy qildi
Olam
−
27 iyun 2022
4546Amerika Qo‘shma Shtatlari Ukrainadagi urush sabab 500 ga yaqin rossiyalik amaldorga viza cheklovlari joriy qiladi. Bu haqda Oq uyning rasmiy saytida ma’lum qilindi.
“Davlat Ukrainaning suvereniteti, hududiy yaxlitligi yoki siyosiy mustaqilligiga tahdid qilgani, poymol qilgan, Rossiyadagi norozilikni bostirgani uchun 500 ga yaqin amaldorga nisbatan viza cheklovlari joriy qiladi”, deyiladi Oq uy bayonotida.
Vashington vakillariga ko‘ra, aynan kimlar cheklovlar ostida qolishi haqidagi qarorni “Katta yettilik” mamlakatlari qabul qiladi. Qayd etilishicha, sanksiyalar “inson huquqlarining buzilishi, jumladan, urush jinoyatlari va Rossiyaning Ukraina g‘allasini o‘g‘irlash taktikasiga aloqadorligi yoki urushdan boshqa yo‘l bilan noqonuniy foyda olish uchun javobgar bo‘lgan” shaxslarga taalluqlidir.
Cheklovlar AQSH Moliya vazirligi va AQSH Davlat departamenti tomonidan o‘rnatiladi. Shunday qilib, ular Ukrainada faoliyat yuritayotgan xususiy harbiy kompaniyalar, shuningdek, inson huquqlari yoki xalqaro gumanitar huquqni buzishda ishtirok etgan Rossiya harbiy qismlariga nisbatan blokirovka qiluvchi sanksiyalarni qo‘llaydi. Bundan tashqari, Rossiya qo‘shinlari bosib olgan shaharlarda yuqori lavozimlarni egallagan mansabdor shaxslarga nisbatan choralar ko‘riladi.
Bundan tashqari, AQSH Rossiya uchun taxminan 2,3 milliard dollarlik 570 dan ortiq rus tovarlari guruhiga bojlarni oshiradi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi