Niderlandiya va Daniya Putinning nog‘orasiga o‘ynashga rozi bo‘lmadi

Olam

image

Daniyaning eng yirik energetika kompaniyasi “Ørsted” va Niderlandiyaning gaz savdogari “GasTerra” “Gazprom”ning yangi to‘lov tizimi bo‘yicha talablarini bajarishdan bosh tortdi. Bu haqda kompaniyalarning veb-saytida keltirilgan.

“Gazprom Eksport” “Ørsted”dan gaz yetkazib berish uchun rublda to‘lashni talab qilishda davom etmoqda. Shartnoma bo‘yicha hech qanday [rublda to‘lash haqida] qonuniy majburiyatimiz yo‘q va biz “Gazprom Eksport”ni buni qilmasligimiz haqida bir necha bor ogohlantirganmiz”, deya ta’kidlagan Daniya kompaniyasi Matbuot xizmati.

“Ørsted” gaz uchun to‘lovni 31 may kuniga qadar amalga oshirishi kerak. Kompaniya to‘lovni yevroda davom ettirishini aytdi.

“Rossiyadan Daniyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri gaz quvuri yo‘q, shuning uchun Rossiya hali ham gaz ta’minotini to‘xtata olmaydi”, deydi kompaniya. 

Niderlandiya

“GasTerra” Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Rossiya gazi uchun haq to‘lash to‘g‘risidagi farmonida ko‘rsatilgan “Gazprom”ning bir tomonlama to‘lov talablarini bajarmaslikka qaror qildi. “GasTerra” qaroriga javoban “Gazprom” 2022 yil 31 maydan boshlab gaz yetkazib berishni to‘xtatganini bildirdi”, deyiladi xabarda.

Niderlandiya kompaniyasiga ko‘ra, “Gazprom” tomonidan yetkazib berishning to‘xtatilishi shartnomaning amal qilish muddati tugaydigan 2022 yil 1 oktyabrgacha bo‘lgan davrda shartnomada ko‘rsatilgan 2 milliard kub metrga yaqin gaz yetkazib berilmasligini anglatadi.

Kompaniyaga ko‘ra, Rossiya bankida hisob ochish va ularni “Rossiya rejimi tomonidan nazorat qilish” juda katta xavf tug‘diradi.

Eslatib o‘tamiz, Bolgariya, Polsha va Finlyandiya Rossiya shartlarini bajarishdan bosh tortgandi. Bunga javoban “Gazprom” bu mamlakatlarga gaz yetkazib berishni to‘xtatgan. 27 may kuni Yevropaning energiya bo‘yicha komissari Kadri Simson Yevropa Ittifoqi Rossiyadan import to‘liq to‘xtatilgan taqdirda “zaxira reja” ishlab chiqayotganini ma’lum qildi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Niderlandiya Daniya Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

56

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing