Daniyada o‘qituvchilarga o‘quvchilarga nisbatan jismoniy kuch ishlatishga ruxsat beriladi

Olam

−

image

Daniyada 2027 yilning avgust oyidan boshlab o‘qituvchilarga dars jarayonida tartibni buzgan o‘quvchilarni ushlab turish yoki boshqa xonaga olib chiqish uchun jismoniy kuch ishlatishga ruxsat beriladi. Bu haqda “The Telegraph” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, tegishli islohot markaziy so‘l hukumat tomonidan taklif qilingan. Hozirda Daniyada o‘qituvchilar faqat o‘quvchi o‘ziga, boshqalarga yoki maktab mulkiga xavf tug‘dirgan taqdirdagina jismoniy kuch ishlatishi mumkin.

Yangi qonun loyihasiga ko‘ra, bunday choralar faqat alohida holatlarda va vaziyatga mutanosib ravishda qo‘llanilishi kerak. Shuningdek, jismoniy kuch ishlatilgan har bir holat haqida o‘quvchining ota-onasi hamda mahalliy kengash xabardor qilinadi.

Daniya Ta’lim vaziri Magnus Heunike o‘qituvchilar vaziyat keskinlashganda qanday harakat qilish mumkinligi borasida ikkilanishga tushmasligi kerakligini ta’kidlagan. Uning aytishicha, zo‘ravonlik yuz bergan vaziyatda zarur choralarni ko‘rgani uchun hech bir o‘qituvchi ishdan bo‘shatilishdan qo‘rqmasligi lozim.

Ta’lim vazirligi tomonidan joriy yilning 1 oktyabr kuni e’lon qilingan so‘rov natijalariga ko‘ra, 2025 yilda sinflarning 55 foizida o‘quvchilar o‘rtasidagi jismoniy zo‘ravonlik kamida bir marta qayd etilgan. Sinflarning 36 foizida esa bunday hodisalar kamida oyiga bir marta sodir bo‘lgan.

Zo‘ravonlik holatlari, ayniqsa, boshlang‘ich sinflarda ko‘proq kuzatilgan. 0–3-sinflarda bunday holatlar 75 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 4–6-sinflarda 59 foiz, 7–10-sinflarda esa 27 foiz bo‘lgan.

Tadqiqotga ko‘ra, zo‘ravonlik holatlarining aksariyati oz sonli o‘quvchilar ishtirokida sodir bo‘lgan. Hodisalar qayd etilgan sinflarning 60 foizida atigi bir yoki ikki nafar bola bunga aloqador bo‘lgan. Shuningdek, o‘quvchilarning millati bilan zo‘ravonlik yoki tajovuzkor xatti-harakatlarning yuqori darajasi o‘rtasida umumiy bog‘liqlik aniqlanmagan.

Daniya o‘qituvchilari kasaba uyushmasi rahbari Gordon Orskov Madsenning aytishicha, so‘nggi bir yil davomida har uch nafar o‘qituvchidan biri sinfda tinchlikni tiklash uchun o‘quvchilarga jismonan ta’sir ko‘rsatishdan salbiy oqibatlardan qo‘rqqani sababli tiyilgan.

Mazkur qonun loyihasi avvalroq ham bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan. Ta’lim sohasi bo‘yicha 500 nafardan ortiq ekspert va nodavlat tashkilotlar vakillari islohotga qarshi chiqib, o‘qituvchilarning politsiya xodimlaridek harakat qilishi o‘quvchilar va pedagoglar o‘rtasidagi ishonchga putur yetkazishi mumkinligini bildirgan.

Ma’lumot uchun, Daniyada jismoniy jazo 1967 yilda taqiqlangan. Yangi islohot esa o‘qituvchilarga tartibni tiklash va xavfli vaziyatlarning oldini olish uchun cheklangan doirada jismoniy kuch ishlatish imkonini berishi ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Italiya hukumati maktablarda yuzni to‘liq yopuvchi burqa va niqob taqishni taqiqlagani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing