AQSH Grenlandiyada yana ikki harbiy baza ochmoqchi
Olam
−
08:35 560 2 daqiqa
AQSH Daniya va Grenlandiya bilan tuziladigan kelishuv doirasida Grenlandiyada Sovuq urush davrida faoliyat yuritgan harbiy bazani qayta tiklash va yana bir harbiy ob’ekt tashkil etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kelishuvdan xabardor bo‘lgan uch kishiga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, AQSH janubiy Grenlandiyadagi Narsarsuakda harbiy bazani qayta ochishi, sharqiy sohildagi Mestervigda esa yana bir harbiy ob’ekt tashkil qilishi rejalashtirilmoqda.
Manbalardan ikki nafarining aytishicha, Narsarsuakda AQSH 1950-yillarda yopgan Bluie West One harbiy bazasi joylashgan. Hozirda bu hudud aholisi bir necha o‘n kishigacha kamaygan.
Mestervigda esa hozir Daniya maxsus kuchlariga qarashli Sirius Dog Sled Patrol — chana itlari patruli faoliyat yuritadi.
Daniya, Grenlandiya va AQSH yangi kelishuvni bugun, 22 sentyabr kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasi yig‘ilishi doirasida imzolashi kutilmoqda. Marosim AQSH Sharqiy vaqti bilan soat 10:30 da, Toshkent vaqti bilan soat 19:30 da o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Kelishuv matni hozircha ochiqlanmagan. Manbalarning “Reuters” agentligiga aytishicha, hujjatning ayrim tafsilotlari uni imzolashga qadar yakuniy shaklga keltirilmaydi.
Daniya va Grenlandiya hukumatlari agentlikning kelishuv yuzasidan izoh berish so‘roviga javob bermagan.
Qayd etilishicha, Oq uy vakili ham kelishuv tafsilotlariga izoh berishdan bosh tortgan. U kelishuv imzolanishi Grenlandiya va AQSH xavfsizligini “ta’minlash va himoya qilish”ini ta’kidlagan avvalgi bayonotni takrorlagan.
Daniya esa kelishuv Arktika xavfsizligini faqat AQSH va Daniya zimmasiga qoldirmasdan, uni NATO nazoratiga o‘tkazishini bildirgan.
Mazkur kelishuv AQSH Prezidenti Donald Trampning bir necha oy davomida Grenlandiya masalasida bosim o‘tkazganidan keyin tuzilmoqda. Tramp uzoq vaqtdan beri AQSH Grenlandiya ustidan nazorat o‘rnatishi kerakligini aytgan va ayrim hollarda Daniyaga qarashli avtonom hududni qo‘lga kiritish uchun harbiy yoki iqtisodiy kuch ishlatish ehtimolini ham istisno qilmagan.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Grenlandiya aholisining mutlaq ko‘pchiligi Trampning bu g‘oyasini rad etgan. Trampning tahdidlari yanvar oyida avjiga chiqqan va NATO ichida diplomatik inqirozni keltirib chiqargan, shuningdek, Daniya va Grenlandiyani Vashington bilan muzokaralarga kirishishga undagan.
Sovuq urush davrida AQSH Grenlandiyada 17 ta harbiy inshoot va 10 mingdan ortiq harbiy xizmatchiga ega bo‘lgan. Hozir esa orolda AQSHning faqat Pituffik kosmik bazasi qolgan bo‘lib, u yerda taxminan 150 nafar amerikalik harbiy xizmatchi bor.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH ma’muriyati NATO va Grenlandiya bilan hamkorlikda Qo‘shma Shtatlar uchun “hayratlanarli” bo‘lgan kelishuv ustida ishlayotgani haqida xabar berilgan edi.
Live
BarchasiPutin To‘qayev bilan ham telefonlashdi
21 sentabr
Qashqadaryoda 2300 yillik ossuariy topildi
21 sentabr