Nihoyat AQSH tilga kirdi. Tramp Qorabog‘dagi voqealarni kuzatib borayotganini ochiqladi

Olam

image

AQSH Armaniston va Ozarbayjonni to‘qnashuvlarni darhol to‘xtatishga chaqiradi. Bu haqda AQSH Davlat departamenti bayonotida aytilgan. 

"Qo‘shma Shtatlar Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyatning keskinlashishini qat’iyan qoralaydi", deyiladi bayonotda. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, davlat kotibi o‘rinbosari Stiven Bigan Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramov va Armaniston Tashqi ishlar vaziri Zohrab Mnatsakanyanom bilan telefon orqali muzokara o‘tkazdi va har ikki tomonni zudlik bilan harbiy harakatlarni to‘xtatishga va eskalatsiyani oldini olishga chaqirdi. 

Stiven Bigan, shuningdek, tomonlarni YeXHT Minsk guruhi doirasidagi muzokaralarga qaytishga chorlagan.  

Voqealarga nisbatan mamlakat Prezidenti Donald Tramp ham munosabat bildirdi. 

AQSH rasmiylari Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyatni diqqat bilan kuzatib bormoqda va ular mojaroning avj olishini to‘xtata oladimi yo yo‘q, buni o‘rganmoqda.  Bu haqda Amerika Prezidenti Donald Tramp kecha, 27 sentyabr kuni Oq uyda bo‘lib o‘tgan brifingda aytib o‘tdi. 

"Biz diqqat bilan kuzatmoqdamiz. Sodir bo‘lgan voqealardan xabarim bor. Bu mintaqada biz ko‘pchilik bilan yaxshi munosabatlarga egamiz. Biz to‘qnashuvni to‘xtata olamizmi yoki yo‘qmi, ko‘ramiz", deydi Vashington ma’muriyati rahbari. 

Bundan avval Rossiya ham ikki mamlakatdan qurolli to‘qnashuvlarni to‘xtatishni so‘ragan edi. Turkiya esa, aksincha, bu to‘qnashuvda Ozarbayjonni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilib, Armanistonni provakatsiyada, Minsk guruhini esa 30 yildan beri bu masalaga ko‘z yumib kelishda aybladi. Shuningdek, rasmiy Tehron va NATO ham tomonlarni muzokaralar stoliga chaqirgandi. O‘zbekiston esa MDHga rais mamlakat sifatida taraflarning harakatlaridan tashvishdaligini bildirib, ularni vazminlikka chaqirdi

Rasmiy Bakuga ko‘ra, Armaniston Qurolli Kuchlari 27 sentyabr kuni soat 06:00 dan boshlab Ozarbayjonga qarshi keng ko‘lamli provokatsiyalarni amalga oshirdi, butun front bo‘ylab Ozarbayjon armiyasining pozitsiyalarini, shuningdek, oldingi chiziq zonasida joylashgan aholi punktlarini o‘qqa tutdi. Unda harbiylar va tinch aholi vakillari halok bo‘lgan.

Armaniston hujum Ozarbayjon qurolli kuchlari tomonidan boshlanganini aytmoqda. Ozarbayjon esa qurolli to‘qnashuvga nisbatan javob hujumlari boshlaganini rasman e’lon qilib, Armaniston chegarasidagi tinch aholi vakillarini chegara hududlaridan chetga chiqishlarini so‘radi.

Holat bo‘yicha Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev xalqqa murojaat bilan chiqib, to‘qnashuv Ozarbayjonning provokatsiyasi emasligini aytdi.

Nikol Pashinyan esa mamlakatda harbiy holat va umumiy safarbarlik e’lon qildi. Buning ortidan Ilhom Aliyev mamlakatda harbiy holat va komendantlik soati e’lon qilish haqidagi farmonga imzo chekdi

Eslatib o‘tamiz, bugunning o‘zida Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Armaniston, Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirlari bilan telefon orqali muloqot qilib, zudlik bilan sulh tuzishni taklif qildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon-Armaniston Qorabog' to'qnashuvi

Baholaganlar

238

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing